Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rmon yaratish, yo‘qolib borayotgan daraxtzorlarni qayta tiklash yo‘lidagi yirik loyihalarga start bergan hujjat
09:36 / 2024-05-07

Prezident qarori – amalda

Keyingi yillarda mamlakatimiz o‘rmon fondi yerlari sezilarli kengaydi. Boshqacha aytganda bugun respublika umumiy yer maydonining yigirma olti foizdan ortig‘ini shu toifadagi yerlar tashkil etmoqda.

Tegishli tashkilotlar tomonidan hududlarda o‘rmon barpo qilish, qayta tiklash tadbirlari bajarilmoqda.

Orolbo‘yi hududlarining ekologik barqarorligini ta’minlash maqsadida esa ekin-tikin ishlar qilinmoqda. Xususan, Mo‘ynoq tumani hamda Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlarining katta-katta maydonlarida saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan «yashil qoplamalar» barpo etish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan edi. Shundan kelib chiqib, yo‘l bo‘ylari, ijtimoiy soha obyektlarida atroflari, qarovsiz maydonlarda daraxtlar ekildi. Hozir ularning parvarishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu kabi chora-tadbirlar ro‘yobga chiqayotgani quvonarli, lekin bu bizning marra emas. Shu yo‘nalishda qilinadigan ishlarimiz hali ko‘p.

Yurtimizda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash va o‘rmon resurslarini samarali boshqarish, shuningdek, «yashil iqtisodiyot»ni qo‘llab-quvvatlash choralarini izchil davom ettirish maqsadida yangi loyihalarga start berilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-martda “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror sohadagi xayrli ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘tgan yil 10-aprelda O‘zbekiston Respublikasi bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi o‘rtasida tegishli loyihani moliyalashtirish bitimi imzolangan. Qaror bilan, ushbu bitim doirasida “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasini amalga oshirish uchun 5-yillik imtiyozli davr bilan 30-yil muddatga belgilangan qarz mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi bilan PROGREEN trast jamg‘armasi hamda Koreya Respublikasining KWPF jamg‘armasi o‘rtasida tuzilgan bitimlar doirasida grantlar jalb etilishi ko‘zlangan.

– Qaror bilan mamlakatimiz o‘rmon tarixida eng yirik loyiha amalga oshiriladi, – deydi O‘rmon xo‘jaligi agentligi bosh mutaxassisi Zafar Eshonqulov. – Uni amalga oshirish muddati olti yil etib belgilandi. Buning uchun umumiy qiymati 205,45 million dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning har bir yo‘nalishi bo‘yicha parametrlar ishlab chiqilgan. Agentligimiz huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash» loyihasini amalga oshirish guruhi tashkil etilmoqda. Bu boradagi ishlar tizimli olib boriladi.

Respublika bo‘yicha 175 ming gektar maydonda tabiiy tiklanishga ko‘maklashish tadbirlari amalga oshiriladi. Shuningdek, 5 ming gektar maydonda dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etiladi. Tog‘ va tog‘oldi hududlarda eroziyaga qarshi ko‘chatlar ekiladi. Mablag‘lar tabiiy iqlimga mos, har bir hududga to‘g‘ri keladigan ko‘chatlarni ekishga sarflanadi. Maqsad katta va xayrli – yurtimizda o‘rmonlar barqarorligini ta’minlash.

O‘rmon landshaftlarini dastlab Jizzax, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida tashkil etish belgilandi. Xayrli tashabbus bosqichma-bosqich mamlakat bo‘ylab quloch yoyadi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri