Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rmon xo‘jaliklarini rivojlantirishda yangi bosqich
19:29 / 2025-06-05

So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘rmonlarni muhofaza qilish, o‘rmon fondi yerlaridan oqilona foydalanish, ularda daraxt va butalarni ekish hamda yetishtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘rmon xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida o‘rmon fondi yerlari kengayib bormoqda. Bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbarining ““O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida Orol dengizi tubida 100 ming gektar “yashil maydon” barpo etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar maydonini 2,1 million gektarga yetkazish, shuningdek, tanlangan hududlarda sho‘r va suvsizlikka chidamli o‘simliklar (galofit) bog‘lari tashkil etish vazifasi belgilandi. Bundan tashqari, o‘rmon fondi yerlarida 905 gektar yer maydonini foydalanishga kiritish, 187 tonna manzarali, mevali daraxt va buta urug‘ini tayyorlash, 21 million 168 dona daraxt, buta nihol va ko‘chatini yetishtirish nazarda tutilgan.

Joriy yilda o‘rmon xo‘jaliklarida xususiy sektor bilan birgalikda chorva mollari 12 ming 666, parrandachilik 216 ming 385 boshga, qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini ishlab chiqarish esa 2 ming 265 tonnaga yetkaziladi. 1 ming 304 gektar maydonda dorivor va ozuqabop o‘simliklarni yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon fondi umumiy maydoni 22 ming 211,5 gektar bo‘lib, shundan o‘rmon bilan qoplangan maydon 15 ming gektarni, sug‘oriladigan yerlar 102 gektarni, ko‘chatxona va niholxonalar 11 gektarni tashkil etadi. Xo‘jalik Nukus hamda Kegeyli o‘rmon bo‘limlaridan iborat bo‘lib, ular tomonidan hududning ekololik barqarorligini ta’minlash, niholxona va ko‘chatxonalar barpo etish, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshiralayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, aholiga, shu jumladan, mehnat jamoalari va o‘quv yurtlariga ko‘chatlar yetkazib berish ishlari amalga oshirilmoqda.

[gallery-23779]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 21 fevraldagi “Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlarini barpo etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ushbu yil 112,5 ming gektar maydonda yashil qoplamalar barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. 

Ayni paytda o‘rmon-meliorativ tadbirlari uchun o‘rmon xo‘jaliklaridan 105 dona yuqori unumli traktor, 4 dona samolyot jalb qilindi. Mavsum davomida 71,941 ming gektar maydonda cho‘l o‘simliklarining urug‘i va ko‘chatini ekish ishlari amalga oshirildi. Ushbu xayrli ishlarga Nukus davlat o‘rmon xo‘jaligi jamoasi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Mazkur jamoa tomonidan har yili jami 35 tonnagacha saksovul hamda qorabaroq kabi cho‘l o‘simliklarining urug‘i tayyorlanadi.

Nukus davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shu jumladan, yangi o‘rmonzorlar barpo etish, ish o‘rinlarini tashkil etish, o‘rmonlardan qo‘shimcha foydalanishni rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqot faoliyatini kuchaytirish maqsadida o‘rmon fondi yerlaridan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mazkur qaror ijrosi doirasida 20 gektar o‘rmon fondi yerlari foydalanishga kiritish maqsadida o‘zlashtirildi. Jismoniy va yuridik shaxslarga o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan 159 gektar yer maydoni ijaraga berildi.

O‘tgan 5 oy davomida 4 ming 415 gektar o‘rmonzor va butazor maydoni kengaytirildi. Manzarali, mevali daraxt va buta urug‘larini tayyorlash 28 tonnaga, manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini yetishtirish 1 million 11 ming, tut ko‘chatini yetishtirish esa 7 ming donaga bajarildi.

Xo‘jalikda dorivor va ozuqabop o‘simliklarini yetishtirish va tayyorlash bo‘yicha reja 74 gektar belgilangan bo‘lsa, amalda 20 gektar yerga ekilib, 30 tonna dorivor va ozuqabop o‘simlik mahsuloti yetishtirildi.

–Hududimizda jami 20 ming gektar yer maydoni bo‘lib, shundan 9,8 gektarini niholxona tashkil etadi, – deydi Nukus o‘rmon bo‘limining o‘rmonbegisi Kuanishbay Mambetsharipov. – Yaqinda yangidan 2,2 gektar niholxona tashkil etilib, jami 11 gektarga yetkazildi. Har yili Orolbo‘yidagi vazirliklarga, mehnat jamoalari hamda o‘quv yurtlariga asosan, shumtol, tut, sharq tuyasi, qayrag‘och, akatsiya, katalpa kabi daraxt ko‘chatlari shartnoma asosida yetkazib berilmoqda. Jumladan, o‘tgan yilning kuz mavsumida umumiy narxi 1 milliard 100 million so‘mga 128 ming dona, joriy yilning bahor mavsumida 1 milliard 615 million 748 ming so‘mlik 237 ming 244 dona ko‘chat sotildi. Bundan tashqari, yaylovlarni ijaraga berish orqali ham qo‘shimcha daromad topilmoqda. 

O‘rmon bo‘limi hududidagi mavjud manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlari hamda yong‘in xavfsizligining oldini olish, daraxtlar va ko‘p yillik butalarni saqlab qolish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, daraxtlarning noqonuniy kesilishi yuzasidan o‘tgan yil mobaynida 6 ta, joriy yilda 1 ta holat sodir bo‘ldi. Qonunbuzarlardan tabiatga yetkazgan zarari uchun 10 million so‘mga yaqin jarima undirildi.

Joriy yilda 1 gektar niholxona hamda 2 gektar ko‘chatxona tashkil etish bo‘yicha reja belgilangan bo‘lsa, amalda 12,2 gektar niholxona, 2,25 gektar ko‘chatxona tashkil etildi. Har yili olingan foyda hisobidan o‘rmon xo‘jaligiga yangi texnikalar xarid qilinmoqda. Bugungi kunda texnikalar soni 7 taga yetdi. 

Shuningdek, ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kasaba uyushmasi tomonidan xodimlar mamlakatimiz hududidagi sanatoriylarga, ularning farzandlari bolalar oromgohlariga yo‘llanma asosida yuborilmoqda. Xodimlar maxsus kiyim-kechaklar bilan ta’minlanib, vaqtida ish haqlari bilan ta’minlanmoqda.

Nukus davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish, ularning o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini oshirish, ushbu yerlarda dorivor va boshqa turdagi import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish ishlarini keng yo‘lga qo‘yish borasida muhim vazifalar belgilangan. Shu bilan birga, chorvachilik, baliqchilik va asalarichilik mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni qayta ishlash ishlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda va o‘rmon xo‘jaligi tomonidan ishlar davom ettirilmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA