Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rmon xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalar joriy etilmoqda
19:06 / 2021-06-07

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi «O‘rmonloyiha» DUK negizida «O‘rmonloyiha» loyihalash instituti axborot markazi va geoaxborot tizimlari laboratoriyasi (GIS) tashkil etildi.

Mazkur laboratoriya BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) «O‘zbekistonning tog‘li va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish» loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda amalga oshirildi.

Bugun laboratoriyaning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qayd etilishicha, yangi ob’ektlar o‘rmonlarni hisobga olish va monitoring qilishning zamonaviy tizimini yaratadi. Shuningdek, O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaliklarining keyingi raqamlashtirilishiga yordam beradi.

Axborot markazi o‘rmonlarni barqaror boshqarish maqsadida axborot xizmatlarini taqdim etish yo‘li bilan, axborot saqlash va tarqatish vazifasini bajaradi. O‘z navbatida laboratoriya maydonli (geografik) axborotlar va zarur ob’ektlardagi ular bilan bog‘liq ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash, tahlil qilish va grafik vizuallashtirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratib beradi.

Axborot markazi va GIS-laboratoriyasi o‘rmon ekotizimini tahlil qilishni takomillashtirish, yo‘ldosh navigatsiyasi vositalaridan foydalanib o‘rmon fondi yerlarini to‘liq hisoblash va monitoring qilinishini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan.

O‘rmon xo‘jaligi mutaxassislarida o‘tqazilgan o‘rmon daraxtlarining zamonaviy ro‘yxatini yaratish va uni O‘rmon xo‘jaligining yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritish imkoni paydo bo‘ladi. Shunday qilib, axborot markazi va GIS-laboratoriyasining yaratilishi O‘zbekistonda o‘rmonlarni barqaror boshqarish bo‘yicha tadbirlarning raqamlashtirilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

– Yangi axborot markazi va GIS-laboratoriyasining ochilishi o‘rmon barpo etilishiga taalluqli bo‘lgan axborotlarni an’anaviy saqlash usulidan zamonaviy elektron-raqamli tashuvchilarga o‘tkazilishini bildiradi, –deydi loyiha texnik koordinatori Olimjon Qahhorov.– Endi bizda o‘rmon fondi yerlarining holati to‘g‘risida kelib tushayotgan ma’lumotlarni real vaqt rejimida ishlab chiqish imkoniyati paydo bo‘ldi. 

Bularning barchasi o‘rmon ekotizimining tahlil qilinishini yaxshilash, degradatsiya va cho‘lga aylanish bilan kurashish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rish, uzoq muddatli o‘rmon xo‘jalik tadbirlarini rejalashtirish imkonini beradi, GIS-laboratoriyalari tufayli, biz zamonaviy yo‘ldosh tizimlari yordamida katta aniqlik bilan raqamli xaritalar yarata olamiz. 

Avval 2-3 yilda eskirib qoladigan qog‘oz xaritalarga kiritish yo‘li bilan bir yilda 2-5 ta o‘rmon tashkilotlarini hisoblashni amalga oshirgan bo‘lsak, endi bizda o‘rmon xo‘jaliklaridagi o‘zgarishlarni real vaqt rejimida elektron xaritalarga kiritish imkoni paydo bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish tufayli endi O‘rmon xo‘jaligi mamlakatning ekologik muammolariga ham tezkor javob bera oladi.

Tadbir davomida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, yuqori malakali xodimlarni tayyorlash, mintaqalarda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va sohaning boshqa muhim masalalari muhokama qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA