“O‘zbekiston–2030” strategiyasida o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 4.1 million gektarga yetkazish va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni 14.5 foizgacha kengaytirish belgilangan. Albatta buning uchun malakali mutaxassislar va yuqori unumdor texnikalar zarur.
Prezidentimizning 2024 yil 27 martdagi “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘rmon xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasi belgilab qo‘yilgan.
Unga muvofiq mamlakatimizda yangi o‘rmonlarni barpo etish, qayta tiklash tadbirlarini keng ko‘lamda sifatli tashkil etish maqsadida Jahon banki tomonidan ajratilgan 1 mln 320 ming AQSH dollaridan ziyod mablag‘ hisobidan Belarus Respublikasida ishlab chiqarilgan 39 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi keltirildi. Kelgusida yana 400ta texnika xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Taqdimot marosimida mazkur texnikalarning afzalliklari, servis xizmatlari va kelgusida O‘rmon xo‘jaligi moddiy-texnik bazasini rivojlantirish borasida qilinadigan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga hududiy xo‘jaliklar uchun zarur bo‘ladigan texnikalar bo‘yicha takliflar o‘rganildi.
Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ushbu texnikalar hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklariga tantanali topshirildi.
Endilikda respublika hududlarida ushbu maxsus texnikalar yordamida yashillik darajasini yanada oshirish, o‘rmon maydonlarini kengaytirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbirlarini izchil va sifatli davom ettirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash imkoniyati kengayadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cdPzo_3Cc6E" title="O‘rmon xo‘jaligi bo‘limlariga yangi texnikalar topshirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA