O‘rmon yong‘ini nafaqat tabiatga va insoniyatga katta zarar keltiradi, balki yashillik olamidan ajralib chiqadigan kislorod miqdorining keskin kamayishiga, tuproq tarkibining buzilishiga, foydali hasharot va mikroorganizmlarning yo‘qolib ketishiga olib keladi.
Xo‘sh, mamlakatimizda o‘rmon muhofazasi va yong‘inga qarshi qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Mazkur savol yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi mas’ul xodimi Dilrabo Boboyeva quyidagilarni ma’lum qildi:
– O‘rmonzorlarni barpo etish bilan birgalikda ularni qo‘riqlash va muhofaza etish muhim ahamiyatga ega. Afsuski, so‘nggi yillarda o‘simliklar, ayniqsa, o‘rmonlar maydoni keskin qisqarib bormoqda. Bu kabi salbiy holatlarning oldi olinmasligi insoniyatga katta tashvish keltirishi mumkin.
Dunyoning turli mintaqalaridagi o‘rmonlarda har xil sabablarga ko‘ra yong‘in kelib chiqayotgani kuzatiladi. Ba’zan insonlarning yashillik olamiga befarqligi hamda ehtiyotsizligi oqibatida minglab gektar o‘rmonzorlarda, yaylovzorlarda yong‘in chiqib, ulardagi mavjud o‘simlik va hayvonot dunyosi yo‘q bo‘lib ketadi.
O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘l-quruq baravar yonadi deb bejiz aytishmagan. Afsuski, bu naqlni ko‘pchilik o‘rmonlarga tashrif buyurgan sayru sayohat ishtiyoqmandlari, ovchilik ishqibozlari unutib qo‘yishadi. Ular yoqqan gulxan yoki tamaki qoldig‘i qisqa fursatlarda katta alangaga aylanib, daraxtlarga, to‘qayzorlarga qiron keltiradi.
Mamlakatimizda o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 2023 yil davomida 165 km masofada yong‘inga qarshi yo‘llar va 290 km minerallashtirilgan polasalar (shudgorlangan yo‘laklar) qurilishi, 78 km yangi himoya liniyalari yaratilishi hamda 1720 km maydonda minerallashtirilgan polasalar va 1730 km o‘rmon xo‘jaligi ahamiyatiga ega yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, joriy yilning bugungi kuniga qadar agentlikning tizim tashkilotlari tomonidan jami 356 km yong‘inga qarshi oraliq joylar, 659 km yo‘llar, 6 ming 426 km himoya chiziqlari hamda 16 ming 508 m3 suv havzalari yangidan qurilib, 2 ming 367 km oraliq joylar, 3 ming 358 km yo‘llar, 2 ming 592 km yong‘inga qarshi himoya chiziqlari, 339 km zovurlar hamda 14 ming 471 m3 suv havzalari ta’mirlandi.
O‘rmon hududlariga yaqin yashovchi aholi va tashrif buyuruvchilar uchun o‘rmondan to‘g‘ri foydalanish, o‘rmon yong‘inlarini sodir etmaslik bo‘yicha yangi 1 ming 500 ga yaqin ogohlantiruvchi bannerlar joylashtirildi. 10 ming 500 ga yaqin yong‘inga qarshi kurashda ishlatiladigan vositalar tayyorlandi. Hozirgi kunda birlamchi vositalar bilan ta’minlash ishlari davom ettirilmoqda.
Tizim tashkilotlarida o‘rmon yong‘inlarining oldini olish va ularni bartaraf etishda zarur bo‘lgan birlamchi vosita va jihozlar shay holatga keltirib qo‘yilgan.
Ulkan yong‘inlar inson jiloviga bo‘ysunishni xohlamay, istalgan paytda istalgan hududda bosh ko‘tarishi mumkin. Me’yordan ortiq bunday yong‘inlarning kelib chiqishiga ham aslida inson omili sabab bo‘ladi. Biz tabiatga, yerga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lsak, tabiatning bizga atalgan javobi ham muqarrar bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA