Barchamizga ayonki, bugun ekologik vaziyat yomonlashib, biologik xilma-xillikka putur yetmoqda, o‘simlik va hayvonot dunyosida turlar soni kamayib bormoqda. Bunday tahlikali holat tabiat muvozanatining buzilishiga olib keladi.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida partiya dasturiy vazifalariga hamohang bo‘lgan, atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ekologik vaziyat va biologik resurslar holati jiddiy tahlika ostida qolmoqda. So‘nggi yillarda noqonuniy daraxt kesish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlash bilan bog‘liq holatlar kuzatilmoqda.
Qonun loyihasi bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarga, Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, loyihada ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ayrim huquqbuzarlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Xususan, dolzarb masala bo‘lgan ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini nobud qilish yoki shikast yetkazish singari huquqbuzarliklarga qarshi choralarni kuchaytirish maqsad qilingan.

O‘rmon fondi yerlarini noqonuniy berish va ulardan foydalanish va bunday yerlarda noqonuniy bino-inshootlar va imoratlarni qurish hamda aholi punktlari va shahar markazlarida oldindan mavjud bo‘lgan ariqlar, irrigatsiya tizimlarini o‘zboshimchalik bilan ko‘mib tashlash kabi huquqbuzarlik turlari bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari qonun loyihasi partiya maqsadlari bilan mushtarak ekanini ta’kidlab, belgilanayotgan normalar ekologik vaziyatni yanada yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza etishga xizmat qilishini bildirdilar.
Qizg‘in muhokama, taklif va tavsiyalardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA