O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, o‘rmon fondi resurslaridan samarali foydalanishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab berildi. Ular:
a) 2030 yilgacha 1,5 million gektarda o‘rmonlar barpo etish, ularni qayta tiklash hamda 3,8 ming gektar o‘rmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish;
b) 2030 yilgacha 9,2 ming tonna daraxt va butalar urug‘larini tayyorlash hamda 919 million dona nihol va ko‘chatlarni yetishtirish;
v) 2030 yilgacha 47,7 ming gektar o‘rmon fondi yerlarini o‘zlashtirish, 18,7 ming gektarda himoya o‘rmonzorlarini barpo etish hamda yiliga 31 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish;
g) 2025-2026 yillarda tog‘ va tog‘oldi hududlardagi 500 gektarda "terrasa" usulida daraxt va buta ko‘chatlari ekishdan iborat.
Qaror bilan O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi huzuridagi "O‘rmontexnoservis" davlat unitar korxonasi negizida "O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi" davlat muassasasi tashkil etiladi.
Markaz "Aqlli o‘rmon xo‘jaligi" (Smart forestry) axborot platformasining yagona operatori hisoblanadi va o‘rmon resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, ularning holatini real vaqt rejimida monitoring qilish, o‘rmon xo‘jaligi sohasi faoliyatini zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali samarali boshqarishni ta’minlaydi.
Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligining Mirzacho‘l o‘rmon bo‘limi cho‘llanishga qarshi kurashish va himoya o‘rmonzorlari barpo etishga ixtisoslashtiriladi.
Saksonota davlat o‘rmon xo‘jaligi dorivor, ziravor, rezavor o‘simliklar (xo‘jag‘at, maymunjon, qarag‘at, na’matak va boshqalar) hamda buta ko‘chatlarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Ixtisoslashtiriladigan davlat o‘rmon xo‘jaliklarida ilm-fan-loyiha-amaliyot zanjirida ish faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan:
a) "O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi" davlat muassasasining asosiy vazifalari va moliyalashtirish manbalari;
b) 2025-2030 yillarda o‘rmonlar barpo etish va ularni qayta tiklash bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar;
v) 2025-2030 yillarda cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda cho‘llanish va qum ko‘chishi, suv va tuproq eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya o‘rmonzorlari barpo etish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar;
g) 2025-2030 yillarda daraxt va butalar urug‘larini tayyorlash bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar; d) 2025-2030 yillarda nihol va ko‘chatlarni yetishtirish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar;
ye) 2025-2030 yillarda o‘rmon fondi yerlarida dorivor, oziq-ovqatbop hamda ziravor o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar;
j) 2025-2030 yillarda o‘rmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar;
z) 2025-2030 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar;
i) 2025-2030 yillarda xususiy sektor sub’ektlari bilan birgalikda asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar;
k) 2025-2030 yillarda foydalanishga kiritiladigan o‘rmon fondi yerlarining prognoz ko‘rsatkichlari;
l) Ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan davlat o‘rmon xo‘jaliklari ro‘yxati;
m) 2025-2026 yillarda "terrasa" usulida daraxt-buta ko‘chatlari ekiladigan tog‘ va tog‘oldi hududlari ro‘yxati;
n) "In-vitro" laboratoriyalari tashkil etiladigan ilmiy-tajriba stansiyalari va davlat o‘rmon xo‘jaligi ro‘yxati tasdiqlandi.
O‘zA