Sharh
Bugun ekologik muammolar har qachongidan dolzarblashib bormoqda. Shu bois ham mamlakatimizda ekologiya masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
"Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish" yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida ham ekologik muvozanatni saqlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishga oid masalalar ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Jumladan, suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard metr kub suvni iqtisod qilish, tuproq o‘zanli magistral va xo‘jaliklararo kanallarda beton qoplama ulushini 42 foizga yetkazish, ichimlik suvi hisobini yuritish maqsadida iste’molchilarga 305 ming 90 dona suv hisoblagichlar o‘rnatish kabi muhim vazifalar o‘z aksini topgan. Mazkur vazifalar suv taqchilligi muammosini yumshatish, suv resurslaridan samarali foydalanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, Davlat dasturida “Yashil makon” umummilliy loyihasini kengaytirish, aholi uchun sog‘lom va qulay ekologik muhit yaratadigan yashil maydonlarni ko‘paytirish masalalariga ham ustuvorlik berilgan.
Jumladan, respublika hududidagi 500 ming tup daraxtlarni raqamlashtirish orqali ularning pasportini yaratish, o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga, Orol dengizi hududida yashil maydonlarning umumiy hajmini 2,6 million gektarga yetkazish kabi yangi samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilangan. Bu choralarning hayotga tatbiq etilishi yashil qoplamalarni ko‘paytirish orqali bioxilma-xillikni, atmosfera havosining mo‘’tadilligini ta’minlashga hissa qo‘shadi.
Bundan tashqari, atmosfera havosini zararlamaydigan va ekologik toza avtomobillarni sotib olish uchun aholiga qulay sharoitlarni yaratish borasida ham muayyan maqsad-vazifalar ko‘zda tutilgan. Bu borada elektromobillarni sotib olish uchun 16 foizgacha stavkada bank avtokreditlarini adolatli ajratishni yo‘lga qo‘yish, elektromobillarni sotib olish uchun ajratiladigan bank kreditlari foizlarining oshgan qismini tijorat banklariga Davlat byudjeti hisobidan qoplash tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, atmosferaga zararli tashlanmalarni chiqarayotgan korxonalarning ekologik toza uskunalardan foydalanishini rag‘batlantirish choralari ko‘riladi. Xususan, yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalarni monitoring qilish stansiyasini o‘rnatish uchun 100 million dollarlik 7 yilga mo‘ljallangan kredit liniyalarini ochish vazifasi belgilangan.
Yaqinda Toshkent shahri va bir qator hududlar atmosferasi buzilishi oqibatida guvohi bo‘ldikki, havoga zararli tashlanmalarni chiqarayotgan korxonalar va issiqxonalarda tozalash inshootlarining o‘rnatilmagani atmosferaga qanchalik zarar keltiradi! Shunday ekan, korxonalarga filtr, tozalash inshooti va monitoring qilish stansiyasini o‘rnatish uchun kreditlar ajratilishi, imtiyozlar berilishi atmosfera himoyasini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Davlat dasturida ekologiya va suv resurslarini himoya qilishga qaratilgan maqsad-vazifalar tabiatni asrash, aholi uchun qulay tabiiy muhitni qaror toptirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA