Jizzax viloyatida g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyat dehqonlari joriy yilda 93 ming 500 gektar suvli maydonda boshoqli don ekinini yetishtirib, undan yuqori hosil o‘rib-yig‘ib olish maqsadida barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirmoqda. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida joriy mavsumda viloyatdagi o‘rim-yig‘im ishlariga 304 ta yuqori unumli don o‘rish kombayni qatnashishi rejalashtirilgan.
Ushbu kombaynlardan 102 tasini “Keys” va “Nyu Xolland”, 99 tasini “Klaas Domintor-130”, 47 tasini “Vektor-410” va 56 tasini “Lida-1300” hamda boshqa rusumdagi texnikalar tashkil etadi. Mavsum avvalida kombaynlarni tayyorlash uchun 12 milliard 954 million so‘mlik ehtiyot qismlari, shinalar, akkumulyator batareyalari hamda servis o‘tkazish uchun yonilg‘i-moylash materiallari va filtrlarga talab borligi aniqlangan. Ayni paytga qadar g‘allachilik klasterlari tomonidan kombaynlarni ta’mirlash uchun 9 milliard 916 million so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilib, zarur ehtiyot qismlar yetkazilgan.
Do‘stlik tumanida 2022 yil hosili uchun 372 ta fermer xo‘jaligi va g‘allachilik klasteri tomonidan 13 ming 700 gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarishlanmoqda. Shartnomaga asosan, 43 ming 800 tonna, shundan 37 ming 800 tonna tovar don va 6 ming tonna urug‘lik g‘alla topshirish belgilab olingan.
– Inspeksiya tomonidan kombaynlarning ta’mirlanishi, kerakli ehtiyot qismlar uchun talab etiladigan mablag‘ning o‘zlashtirilishi, mexanizatorlarga zarur sharoitlarning yaratilishi yuzasidan kunlik monitoring o‘tkazib borilmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Jumabek Shakarov. – Xususan, mavsum davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida boshqarma va tumanlar bo‘limlari tomonidan kombaynlarni ta’mirlashda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli idoralar rahbarlariga 4 ta yozma ko‘rsatma va 22 ta ogohlantirish xatlari berilib, 22 ta taqdimnoma kiritilgan.
– Mavsumda qatnashishi belgilangan “Do‘stlik Agroservis MTP” MCHJga qarashli 26 ta, fermer xo‘jaliklariga qarashli 12 ta hamda “Do‘stlik don mahsulotlari” AJga qarashli 4 ta kombayn ko‘rikdan o‘tkazildi, –deydi Inspeksiyaning Do‘stlik tuman bo‘limi katta inspektori Bahodir Imamov. –Ko‘rik jarayonlarida kombaynlarda uzel va agregatlarning sifatli ta’mirdan chiqarilganligi, servis xizmatlarining o‘tkazilganligi, tungi yoritish va gabarit chiroqlarining ishlashi, birlamchi o‘t o‘chirish vositalarining butligi, don to‘kilishining oldini olish maqsadida germetizatsiya ishlarining amalga oshirilganligiga katta e’tibor qaratildi. Texnik talablarga javob beradiganlari ishchi guruh tomonidan sertifikat asosida qabul qilib olindi.
Tumanda tashkil etilgan 26 ta otryadga ichki ishlar, yer tuzuvchi va bank xodimlari, shuningdek, 200 dona g‘alla tashish transporti, 11 ta texnik xizmat ko‘rsatuvchi “Damas” avtomashinasi hamda 11 dona yoqilg‘i tashish transportlari biriktirildi.
[gallery-7030]
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA