Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘rik va olma sayli” seminari ilm va amaliyotni birlashtirdi
20:59 / 2025-06-17

Toshkent davlat agrar universiteti O‘quv-ilmiy tajriba xo‘jaligi hududida “O‘rik va olma sayli” mavzusida ilmiy-amaliy dala seminari o‘tkazildi.

Unda universitet rektori Narzullo Oblomurodov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili To‘xtamurod Otaqulov, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sherzod Umarov, “UZAGROSTAR HOLDING” kompaniyasi vakili Jasur Otamurodov hamda “Suvchilar maktabi” direktori Farhod Saidov ishtirok etdi.

Tadbir avvalida mehmonlar universitet tajriba xo‘jaligi hududida yetishtirilayotgan ekinlar bilan tanishdi. Jarayon davomida hududdagi hozirgi agrar sharoit, bog‘dorchilikdagi agrotexnik usullar, suv tejovchi texnologiyalar va bog‘larda kasallik hamda zararkunandalarga qarshi kurashish yo‘llari haqida muhim ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan o‘rik va olma yetishtirishda innovatsion yondashuvlar, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, mevali bog‘larda ekologik xavfsiz himoya choralarini keng joriy etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda o‘rik va olma terish jarayonida amaliy ishtirok, mahsulotlar ko‘rgazmasi, yangi navlar taqdimoti, tabiiy sharbatlar va mevalar degustatsiyasi hamda talabalar va olimlar ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etildi. Bundan tashqari, Toshkent davlat agrar universitetining yetakchi kafedralari tomonidan laboratoriya mashg‘ulotlari va uslubiy master-klass o‘tkazildi.

Yakunda esa, bir qator soha mutaxassislari, tajribali agronomlar va fidoyi fermerlar universitet ma’muriyati tomonidan esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Qayd etish lozim, seminar qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy yondashuvlar va ishlab chiqarish tajribasini birlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni ommalashtirish, hamda fermerlar, bog‘bonlar va soha mutaxassislarini bevosita dala sharoitida zamonaviy bilimlar bilan tanishtirishga xizmat qildi.

A.Musayev, O‘zA.