Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rganishlarda 396 ta sifatsiz qurilgan ob’ekt aniqlangan
18:01 / 2025-09-19

Bugun mamlakatimizning har bir hududi qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylanib bormoqda. Zamonaviy ko‘rinishdagi turli ijtimoiy soha ob’ektlari, turar joy binolari foydalanishga topshirilmoqda. Ana shunday bir sharoitda qurilish sohasidagi islohotlarni samarali tashkil etish, aholi uchun barpo etilayotgan bino va inshootlarning sifatini ta’minlash hamda nazorat tizimini takomillashtirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda uning parlamentdagi fraksiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Bino va inshootlarning sifatsiz qurilishi, qurilish nazoratidagi kamchiliklar hamda ob’ektlar xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar” mavzusidagi davra suhbatida ayni shu masalalar muhokama qilindi. 

Davra suhbatida qurilish sohasida kuzatilayotgan muammolar – sifatsiz ishlar va materiallar, texnik nazorat tizimining samarasizligi, litsenziya berishda shaffoflik yetishmasligi, korrupsiya holatlari va ob’ektlar xavfsizligiga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lum qilinganidek, Bosh prokuratura va Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda 396 ta sifatsiz qurilgan ob’ekt aniqlangan. 200 dan ziyod holat bo‘yicha sudga da’vo kiritilib, 100 dan ortiq noqonuniy qurilish buzilgan.

Deputatlar joylardagi o‘rganishlar davomida sohada aniqlangan kamchilik va muammolar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Shuningdek, ishtirokchilar qonunchilikni takomillashtirish, nazoratni kuchaytirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar.

Yig‘ilish yakunida qurilishda sifat va xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida ishchi guruh tuzilib, tegishli davlat organlariga qonunchilik va amaliy islohotlarga oid takliflar taqdim etiladigan bo‘ldi.

Muhtarama Komilova, O‘zA