Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolarining saylov okruglaridagi o‘rganish yakunlari ko‘rib chiqildi.
26–28-fevral kunlari fraksiya a’zolari saylov okruglaridagi o‘rganishlari davomida 41 ta mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, “mahalla yettiligi” faoliyati bilan tanishdi. Mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsiz muhitni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar holati o‘rganildi.

Uchrashuvlarda 3,5 mingga yaqin fuqaro, shu jumladan 90 nafar tadbirkor bilan bevosita muloqot o‘tkazilgan. 47 ta ijtimoiy soha ob’ekti, 30 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyati joyiga chiqqan holda tanishilgan.
Muhokamalar jarayonida ayrim hududlarda infratuzilma, ichimlik suvi ta’minoti, maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari bilan bog‘liq ayrim masalalar mavjudligi qayd etilib, ularni tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda hal etish choralari belgilab olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti O‘zbekiston Ekologik partiyasi guruhi a’zolarining 2025-yildagi faoliyati hamda 2026 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
Yoshlar parlamenti guruhining 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasini davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib yanada takomillashtirish, uni amaliy ishlar va aniq mexanizmlar bilan boyitish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

M. Komilova, O‘zA