Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki loyihasini o‘rgandi.
O‘rganishlarda park hududida plastik va polimer mahsulotlari, kompozit materiallar, elektronika va elektrotexnika buyumlari hamda parogenerator texnologiyasi asosidagi ishlab chiqarish yo‘nalishlari tanishildi.

Dastlabki o‘rganishlar jarayonida xorijiy korxona tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan “AQUATON” innovatsion gidroizolyatsiya to‘shamasi ishlab chiqarish loyihasi ko‘zdan kechirildi. Ilmiy asosda yaratilgan ushbu loyiha qishloq xo‘jaligi hamda qurilish sohalarida, xususan sug‘orish tizimlari va gidrotexnik inshootlarda keng qo‘llanilishi kutilmoqda. Umumiy qiymati 2,4 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida dastlabki bosqichda 400 ming dollar investitsiya jalb etilib, qariyb 40 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “HENAN MINE” xorijiy korxonasi loyihalari ham o‘rganildi. Korxonada maxsus kranlar ishlab chiqarish va mahsulotlarni Markaziy Osiyo hamda MDH davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilgani ma’lum qilindi. 200 ming kvadrat metr maydonda amalga oshiriladigan mazkur tashabbus 1 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish nazarda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 350 million AQSH dollarni tashkil etadi.
O‘rganishlar yakunida sanoat parki rahbari F.Agzamov va mas’ullar bilan o‘tkazilgan muloqotda park hududida ochiq turdagi bojxona ombori faoliyatini yo‘lga qo‘yishning afzalliklari hamda litsenziya olish tartiblari tushuntirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.