So‘nggi yillarda mamlakatimizda soliq ma’murchiligini takomillashtirish, mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlash hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Bu jarayonda soliq organlari va “Mahalla yettiligi” o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026 yil 1 yanvar holatiga jismoniy shaxslarga tegishli turar joy ob’ektlari bo‘yicha 2025 yilning yanvar–dekabr oylarida jami 4,6 trillion so‘m soliq hisoblangan. Ushbu mablag‘larning 465,7 milliard so‘mi bevosita mahalla byudjetlarida qoldirilgani mahallalar moliyaviy mustaqilligini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Tahlillarga ko‘ra, soliq tushumlari hajmi bo‘yicha quyidagi hududlar yetakchi o‘rinlarni egalladi. Samarqand viloyati 640 milliard so‘m, Toshkent viloyati 450,5 milliard so‘m, Farg‘ona viloyati 448,3 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyati 447 milliard so‘m, Toshkent shahri 434,8 milliard so‘mni tashkil etgan.
Mazkur raqamlar hududlarda soliq intizomi mustahkamlanayotgani, aholi va mahalla tuzilmalari bilan hamkorlik samara berayotganini ko‘rsatadi.
“Mahallabay” ishlash tizimi doirasida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida qo‘shimcha 709 ming 953 ta soliq ob’ekti aniqlandi. Bu esa soliq bazasini kengaytirish, yashirin qolib kelayotgan daromadlarni hisobga olish imkonini berdi.
Shuningdek, soliq organlari, mahalla faollari va boshqa mutasaddi tuzilmalar hamkorligida 202 ming 739 nafar norasmiy ishchining faoliyati qonuniy maydonga olib chiqildi. Bu nafaqat soliq tushumlarining oshishiga, balki aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ularning mehnat stajini rasmiylashtirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Bir so‘z bilan aytganda, soliq inspektorlari va “Mahalla yettiligi” o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik amaliyotda o‘z samarasini bermoqda. Raqamlashtirish, mahallabay ishlash tizimi va ochiq muloqot orqali soliq ma’murchiligini takomillashtirish, mahalliy byudjetlar imkoniyatini kengaytirish hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha aniq natijalarga erishilmoqda.
Kelgusida ushbu tizimni yanada rivojlantirish, tahliliy yondashuv va raqamli texnologiyalardan keng foydalanish orqali soliq tizimi samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA