Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rganishlar natijasi: qish mavsumida muammolar bo‘lmaydi
17:59 / 2020-12-11

Andijon viloyati Ko‘rg‘ontepa tumanida Energetika vazirligi ishchi guruhi vakillari ishtirokida kuz-qish mavsumidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

 Tuman hokimi, sektor rahbarlari, viloyatdagi energetika tizimi korxonalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari asosida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlarining ko‘mir, elektr energiyasi va gaz bilan ta’minlanishi holati atroflicha muhokama qilinib, bu boradagi muhim vazifalar belgilab olindi.

 – Energetika vaziri rahbarligida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini 2020-2021 yillarda kuz-qish mavsumida elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, joylarda mazkur yo‘nalishdagi kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashuvchi Respublika ishchi guruhi tomonidan tumandagi holat atroflicha o‘rganib chiqildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi mas’ul xodimi, ishchi guruh a’zosi Akmaljon Eshonqulov. – Bu borada yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni aniqlab, bartaraf etish, eng asosiysi, kuz-qish mavsumini betalofat o‘tishini ta’minlashga qaratilgan zarur chora-tadbirlar belgilandi, qator oilalarga amaliy yordam ko‘rsatildi.  

 Qo‘rg‘ontepa tumanida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan ishlar olib borilayotgani e’tirof etildi. Ayni kunda tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 36 mingdan ziyod iste’molchiga xizmat ko‘rsatiladi. Tuman hududida 859 kilometr uzunlikdagi 10/0,4 kV elektr liniyasi tarmog‘i, 601 transformator punkti mavjud.

 Joriy yilda aholi turar joy massivlarida elektr tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish dasturiga asosan “Qo‘shtepa” mahallasida 3,4 kilometr masofada 10/0,4 kVli yangi elektr uzatish tarmog‘i tortildi va rekonstruksiya qilindi, 1 dona 160 kVA quvvatli yangi transformator punkti o‘rnatildi.

 Respublika ishchi guruhining o‘rganishi davomida qiyin sharoitda yashayotgan oilalar aniqlanib, ularga shu kunning o‘zidayoq zarur yordam ko‘rsatildi. Rustamjon Xo‘jaaxmedov Qo‘shtepa mahallasidagi Dala ko‘chasida yolg‘iz yashaydi, ko‘rish qobiliyati past. Uning yolg‘iz yashashi va sharoiti og‘irligi hisobga olinib, unga ko‘mir, gaz baloni va plitasi berildi.

 – Ikki nafar yosh farzandim bor, – deydi shu mahallada yashovchi Umidaxon Rustamova. – Sharoitimiz og‘ir, mahalaning “Temir daftari”da turamiz. Sharoitimiznii o‘rganib, oilamizga ko‘mir, gaz baloni ajratildi, eski elektr hisoblagichimiz yangisiga almashtirib berildi. Bundan behad xursandmiz.  

Umuman, tumanda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarni qisqatirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, qish mavsumini betalofat o‘tkazishga qaratilgan barcha ishlar olib borilmoqda.  

[gallery-393]

Faxriddin UBAYDULLAEV, 

Zuxriddin UMRZOQOV (foto), O‘zA