Davlatimiz rahbarining joriy yilning 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida berilgan topshiriqlari hamda hududlarda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xarita”si ijrosini Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganish natijalari bo‘yicha muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B. Valiyev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. Burxanovlar ishtirok etgan tadbirda “Yo‘l xarita”da belgilangan ayrim vazifalar xususan, maktab va maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash, obodonlashtirish boshqarmalari, savdo majmualari va dehqon bozorlari hamda kadastr idoralari tomonidan bajarilishi kechikayotganligi tanqid qilindi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga qarashli barcha tibbiyot muassasalarida yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) bilan ishlashni amaliyotga to‘liq joriy qilishni qisqa muddatlarda yakunlash, Obodoshlashtirish tizimiga ajratilgan davlat mablag‘larini maqsadli sarflanishini ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tizimli o‘rnatish bo‘yicha qator vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan tadbirlar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish borasida tashkilot va idoralarning qo‘shimcha taklif va mulohazalari muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni qisqa fursatlarda bartaraf qilish, mutasaddi idoralar rahbarlari mas’uliyatini yanada oshirish, belgilangan vazifalar ijrosini o‘z muddatlarida sifatli ta’minlash va sohada faoliyatni yanada jadallashtirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri