Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rganish tahlili: 21 holatda benzin mahsulotlarining sifati belgilangan talabga javob bermasligi aniqlandi
12:24 / 2023-12-21

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizdagi ayrim avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan olingan avtobenzinlar davlat standart ko‘rsatkichlariga mos kelmayotgani va sifatsiz ekani to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi.

Bu borada Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda aholini sifatli benzin mahsulotlari bilan ta’minlash holatini o‘rganish ishlari olib borildi. Joriy yil noyabr-dekabr oylarida respublikamizning barcha hududlarida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin mahsulotlarining nazorat xaridlari o‘tkazildi.  

Ushbu o‘rganish tadbirlari davomida 82 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan xarid qilingan benzin mahsulotlari belgilangan tartibda tegishli laboratoriyalarga taqdim etilgan va ularning dastlabki qismi bo‘yicha ma’lumotlar olingan. 

Laboratoriya tahlillariga asosan, dastlabki o‘rganishlar natijasida 21 holatda benzin mahsulotlarining sifati belgilangan talablarga javob bermasligi, 4 ta holatda esa belgilangan miqdordan kam quyish holatlari aniqlangan. Bunda dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, jami iste’molchilarga 300 million so‘mga yaqin zarar yetkazilgani aniqlangan. 

Jumladan, “Gulnora gaz servis” MCHJ (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), “International petrolium” MCHJ (Sirdaryo) “ISKRA” XK, “HAMKOR IMEJ” MCHJ, “NAZAR OTA” KTXF, “ShER GRAND GAZ” XK, “SHODLIK TUHFASI” MCHJ va “VERSAL OIL” MCHJ (Jizzax v.) “Qaro Oltin Yog‘dusi” MCHJ, “Lutf HAQ” MCHJ “VODIY PROPAN GAZ SERVIS” MCHJ va (Farg‘ona), “Maks Eko oil” MCHJ (Qashqadaryo), “Markaziy Gaz Oil” MCHJ, “Brava Oil Co” MCHJ, “Foykon” MCHJ “Mohinur Oil” XK, “Boburshox Plyus Oil” MCHJ, “Elit Tranzit Oil” MCHJ, “Mustaqillik-2001” MCHJ (Andijon) hamda “BARS” MCHJ (Toshkent v.) larga qarashli AYOQSHlarda benzin mahsulotlari sifat darajasida emasligi to‘g‘risida laboratoriya xulosalari taqdim etilgan.  

Shuningdek, “RASUL” ko‘p tarmoqli xususiy savdo korxonasi (Andijon v.) “City petrol” MCHJ, “Jasur Jo‘rabek Tolib nuri” MCHJ va “Xush Baxt Zar” MCHJ (Buxoro) qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin mahsulotlarini kam quyish holatlari aniqlangan.  

O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasiga binoan nuqsonli tovar sotilganda nuqsonlarni bartaraf etish, ko‘rilgan zararni qoplash va boshqa holatlar belgilab o‘tilgan. Shuningdek, ushbu qonunning 26-moddasida tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishini va ularning sifatini ta’minlash maqsadida tegishli davlat tashkilotlari tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi boshqa davlat boshqaruv organlari bilan o‘z vakolatlari doirasida tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishiga va ularning sifatiga doir majburiy talablarni belgilaydilar hamda bu talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan.  

Yuqorida aniqlangan holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, qonunchilikda belgilangan tartibda iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplatish choralari ko‘rilayotir. Shuningdek, qo‘mita “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda sifatsiz benzin mahsulotlari sotilishining oldini olish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirib kelinayotganini ma’lum qildi.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA