Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan organik mahsulotlarga doir umumiy talablarga rioya etilish holatini Jizzax va Namangan viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
— Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bunda organik mahsulotlar yetishtirishda aniq bir maqsadga qaratilgan davlat siyosati olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda, — dedi deputat Islom Xushvaqtov. — Bu borada 2022 yilda qabul qilingan “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi qonun va boshqa huquqiy hujjatlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Sohadagi ishlar natijasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati korxonalari tomonidan sifat menejmenti talablari asosida 2020 yildan bugungi kunga qadar jami 50 ga yaqin “Organic” va 200 dan ortiq “Global G.A.P.” sertifikatlari olingan. Ushbu yetishtirilayotgan mahsulotlar turlari paxta (tekstil mahsulotlari), bug‘doy, poliz ekinlari, dorivor o‘simliklar, bog‘dorchilik mahsulotlari va boshqa mahsulotlardan iborat.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, 2023 yil davomida Jizzax viloyatida 2 ta qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati korxonalari, xususan, “Arnasoy limon agro” MCHJ hamda “Zomin gida” MCHJ tomonidan organik sertifikatlar asosida mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Namangan viloyatida esa 4 ta qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati korxonalari, jumladan, “Mehrigiyo” MCHJ, “Art soft holding” MCHJ, “Art soft tex cluster” fermer xo‘jaligi hamda “Baraka meva sanoat servis” MCHJ tomonidan xalqaro darajada tan olingan organik sertifikatlar olingan. Mazkur korxonalarda mahsulotlarning ushbu maqomda savdosi yo‘lga qo‘yilgan.
Muhokamalarda deputatlar sohadagi kamchilik va muammolarga e’tibor qaratdi. Xususan, mazkur qonunning 21-moddasida Muvofiqlikni baholash organini avtorizatsiyalashtirish bo‘yicha normalar keltirilgan bo‘lib, bu normani amaliyotga joriy etish bo‘yicha huquqiy mexanizm ishlab chiqilmagan. Shu bois, bugungi kunga qadar milliy darajadagi muvofiqlikni baholash organlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Organik mahsulot yetishtiruvchi sub’ektlar esa asosan xalqaro muvofiqlikni baholash organlari bilan shartnoma asosida faoliyatni amalga oshirib kelmoqda.
Joylarda olib borilgan o‘rganishlar davomida ayrim mahsulotlar, xususan, kovul o‘simligi o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma qonunchilikda belgilangan tartibda, ruxsat etilgan kvota doirasida tabiiy muhitdan ajratib olinayotgani va qayta ishlash (tuzlash) orqali mazkur o‘simlik organik mahsulot sifatida emas, balki xom-ashyo sifatida eksport qilinayotgani kuzatilgan.
Deputatlarning qayd etishicha, organik mahsulotlar yetishtiruvchilar manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish bo‘yicha uyushmalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ko‘maklashuvchi konsalting va servis xizmatlarining yo‘lga qo‘yilmagani, infratuzilmalar yetarli rivojlanmagani tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, jumladan, fermer va dehqonlar organik mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga, ishonchli axborotlarga to‘liq ega emas. Bular esa soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgani ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA