So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ngilni xira qiladigan turli video va chiqishlarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Xususan, ko‘chalarda yoki binolarida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga yoxud videoga olish holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa ularni obro‘sizlantirishga, fuqarolarda noto‘g‘ri tasavvur uyg‘onishiga olib keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda va 2023 yilning o‘tgan 10 oyi davomida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l patrul xizmati xodimlari 253 marta fuqarolar tomonidan foto va videotasvirlarga olinib, internet tarmoqlariga tarqatilgan. Mazkur videotasvirlarning barchasi Ichki ishlar vazirligining mas’ul boshqarmalari tomonidan o‘rganib borilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, videotasvirlarni o‘rganishga 2-3 kunlab, ayrimlari uchun esa bir haftalab vaqt sarflanadi. Oqibatda esa xodimlar bevosita o‘zlarining xizmat vazifalarini bajarmasdan vaqtini xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish uchun sarflashga majbur bo‘lishmoqda.

Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida videotasvirlarni olayotgan haydovchilarning aksariyati yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilganligi, qoidabuzarlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish uchun qarshilik ko‘rsatib tasvirga olinganligi, shundan so‘ng noto‘g‘ri izohlar berilib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.O‘rganilgan videotasvirlarning 102 tasida haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari buzgan bo‘lsa-da, xodimlarning xatti-harakatlariga noto‘g‘ri izoh bergan holda holatlar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan. Albatta, bu kabi holatlar xodimlarning xalq orasida obro‘sizlanishiga olib kelmoqda.
Bu borada yaqinda parlament quyi palatasida qabul qilingan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda tegishli normalar o‘z aksini topdi.

Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ular o‘z xizmat burchlarini, ya’ni jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internet axborot tarmog‘ida joylashtirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorda jarima yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish belgilandi.
Ushbu yo‘nalishdagi xorijiy tajribalar o‘rganilganda, qator rivojlangan davlatlar qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlangani, muayyan choralar belgilanganini ko‘rish mumkin. Masalan, Buyuk Britaniyada ko‘chalarda yoki binolarida xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000 yilda tasdiqlangan.
Mazkur norma terrorizmga qarshi qonunning bir qismi sifatida qayd etilgan. Mazkur qonunga ko‘ra, xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera, videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olgan yoki tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Vengriyada esa 2014 yilda qabul qilingan qonunda odamlarni ularning roziligisiz suratga olish yoki tasvirga olish taqiqlangani mustahkamlangan. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ham ushbu qonun ta’siriga kiradi va bu qonunni buzganlik uchun jarima solinishi belgilangan.
Germaniyada politsiya xodimlarini suratga olish taqiqlangan emas, biroq ushbu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va internetda chop etish taqiqlangan. Ushbu fotosuratlar yoki yozuvlar chop etilgan har bir holatda ular tekshiriladi. Tuhmat, haqorat yoki g‘iybat mavjudligi o‘rganiladi, agar bunday holatlar tasdiqlansa, jinoiy ish qo‘zg‘atiladi va sud tomonidan qonunga muvofiq qaror qabul qilinadi. Bundan tashqari, qoidabuzar tarmoqdan barcha materiallarni olib tashlashi kerak bo‘ladi.
Fransiyada bir va boshqa operatsiyalar davomida politsiya xodimlari yoki jandarmlarning shaxsini identifikatsiya qilishga yordam beradigan tasvirlarni tarqatish bir yillik qamoq va 45 ming yevro jarima bilan jazolanishini aniq ko‘rsatadigan qonun loyihasi parlamentga taqdim etilgan.
Belarus Respublikasida “ko‘chada suratga olishni taqiqlovchi” qonun loyihasi kiritildi. Loyihaga ko‘ra, qonunga ichki ishlar xodimlari va ichki qo‘shinlar, shuningdek, oddiy fuqarolarni ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Loyihada fuqaro suratidan uning roziligisiz foydalanish uning shaxsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, shuningdek, shaxsiy daxlsizlik huquqini buzish sifatida baholanishi belgilanmoqda.
O‘z navbatida loyihada, fuqarolarning, shu jumladan, xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari va Ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining shaxsiy hayotiga qonunga xilof ravishda aralashishdan himoyalanish huquqini ta’minlash zarur, deb topilgan. Ushbu qonun loyihasi Belarus Konstitutsiyaviy sudi tomonidan ma’qullangan.
Demak, ko‘rinib turibdiki, ko‘plab davlatlar qonunchiligida ichki ishlar xodimlarining xizmat vazifasini amalga oshirish chog‘idagi faoliyatini suratga yoki tasvirga olish hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish taqiqlangan va buning uchun tegishli choralar ko‘rilishi mustahkamlangan.
Milliy qonunchiligimizda esa ichki ishlar xodimlarini tasvirga olish taqiqlanmayapti, faqat olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida tarqatish taqiqlanmoqda va javobgarlik belgilanmoqda. Zero, soha vakillarining xizmat vazifalari davomidagi harakatlari tartib-intizomni saqlash, qonun talablariga rioya qilinishini ta’minlashdan iborat.
Muhtarama Komilova, O‘zA