Prezident topshirig‘i – amalda
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan Andijon viloyatida aholining daromadlarini oshirish, qolaversa, tuxum va parranda go‘shtiga bo‘lgan ehtiyojini qoplash maqsadida xonadonlarda hamda fermer xo‘jaliklari hududlaridagi ariq, kollektor va zovurlarda o‘rdak boqishni tashkil qilish loyihasi ishlab chiqildi.
O‘tgan yili 1 ming 100 nafar tashabbuskor fermerning o‘z hududlaridan o‘tgan ariq va zovurlarda o‘rdak boqish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu tashabbuskorlar tomonidan 1,1 million bosh o‘rdak boqishning tashkil qilinishi belgilab olindi. Buning uchun talab etiladigan materiallar va mablag‘lar ajratiladigan bo‘ldi.
Jumladan, joriy yilda viloyatda ariq va zovurlarni tozalash, ularning atrofini maxsus setka bilan to‘sish, 900 ga yaqin o‘rdakxonalar qurish orqali 1 million 100 ming donaga yaqin o‘rdak boqishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Yuqoridagi ishlarni amalga oshirish, o‘rdak parvarishini bir yilda 2 marta tashkil etish hisobiga viloyat aholisiga ham arzon, ham tabiiy, salomatlik uchun foydali go‘sht yetishtiriladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, tashabbuskorlar tomonidan jami 1,1 million dona o‘rdak boqilib, har biridan o‘rtacha 3,5 kilogrammgacha go‘sht olishga erishilganida, jami 3 ming 850 kilogramm o‘rdak go‘shti yetishtiriladi. O‘rdak parvarishini bir yilda ikki marta tashkil etish orqali bu ko‘rsatkichni 7,5 - 8 ming kilogrammga yetkazish mumkin bo‘ladi.
Bu bilan viloyat aholisining parranda go‘shtiga bo‘lgan ehtiyoji ma’lum darajada qoplanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘rdak Farg‘ona vodiysi iqlimi sharoitiga mos, sovuqqa va kasalliklarga chidamli. Qolaversa, o‘rdak boqish xarajatlari tovuq boqishga qaraganda 2 barobarga kam bo‘ladi. Shu bois, o‘rdakchilik viloyat aholisi daromadlarini oshirish, mo‘l-ko‘lchilikni ta’minlashda muhim bo‘g‘in bo‘ladi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari