Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ORCID: ilmiy izlanishda shaffoflik va yagona ma’lumot manbai
17:18 / 2025-08-08

Bugungi kunda ilm-fan yo‘lida izlanish olib borayotgan olimlar va tadqiqotchilarning faoliyatini to‘liq va shaffof aks ettirishga xizmat qiluvchi zamonaviy platformalardan biri — ORCID hisoblanadi. Olimlik “raqami” sifatida ham ma’lum bo‘lgan ushbu identifikator ilmiy tadqiqotlarning aniqlik va shaffofligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

ORCID (Open Researcher and Contributor ID) — har bir olim yoki tadqiqotchiga beriladigan 16 raqamli unikal identifikator bo‘lib, ularning barcha ilmiy faoliyatini yagona platformada jamlash imkonini beradi. Bu raqam tadqiqotchining maqolalari, grantlari, konferensiyalardagi ma’ruzalari va boshqa ilmiy ishlanmalari bilan bog‘lanadi. Ushbu tizim 2009 yili mualliflarning nomlari bilan bog‘liq noaniqliklarni bartaraf etish maqsadida yaratilgan. 2010 yili AQSHning Delaver shtatida notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan va 2012 yil 16 oktyabrdan reyestr xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan. 

ORCID orqali olimning barcha ilmiy faoliyati bir joyda aks etadi. Masalan, Scopus yoki Web of Science kabi bazalarda maqolalaringizni alohida izlab o‘tirishga hojat qolmaydi. Shuningdek, familiya yoki ism o‘zgargan taqdirda ham identifikator o‘zgarmaydi. Bu esa shaxsni aniq identifikatsiya qilish imkonini beradi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Axborot texnologiyalarining dasturiy ta’minoti” kafedrasi professori Dildora Muhammadiyevaning so‘zlariga ko‘ra, ularning ORCID profilida 40 ga yaqin ilmiy maqola jamlangan bo‘lib, bu ma’lumotlar zarurat tug‘ilganda bir necha soniyada taqdim etilishi mumkin. 

ORCIDda ro‘yxatdan o‘tish jarayoni oddiy va tez amalga oshiriladi. Platformada ism, familiya, elektron pochta va parol kiritiladi. Shundan so‘ng, avtomatik tarzda 16 raqamli identifikator beriladi va ushbu raqam shaxsiy ilmiy sahifaga bog‘lanadi. 2013 yil oxiriga kelib, platformada 460 mingdan ortiq foydalanuvchi bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 14,7 millionga yetdi. Bugungi kunga kelib, dunyo bo‘ylab 16 milliondan ziyod olim ORCID platformasidan foydalanmoqda. Platforma a’zolari orasida Caltech va Cornell University kabi nufuzli ilmiy muassasalar, Elsevier, Springer, Wiley va Nature Publishing Group kabi yirik nashriyotlar ham bor. 

Olim va tadqiqotchilar o‘z maqolalarini qog‘oz ko‘rinishida saqlash o‘rniga, ORCID sahifasida jamlab borishi maqsadga muvofiq. Bu nafaqat vaqt tejaydi, balki turli hisobotlar tayyorlashda ham yordam beradi. Shuningdek, u shogirdlariga ham ushbu platformadan foydalanishni tavsiya etadi. Chunki ba’zi hollarda maqolalar ro‘yxatini zudlik bilan taqdim etish talab qilinadi. Bunday paytda ORCID sahifasi bu vazifani oson va tez hal etishga yordam beradi. 

Ilmiy loyihalarni baholash jarayonida tadqiqotchining ORCID sahifasini hisobotga qo‘shish ham maqsadga muvofiq. Chunki bu orqali izlanuvchining mavzu doirasidagi barcha faoliyatini aniq ko‘rish mumkin. Yurtimizda ham ORCID platformasiga qiziqish ortib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda ilmiy loyihalar bo‘yicha hisobotlar taqdim etishda ORCID profilini talab qilish holatlari ko‘p uchramoqda. Shu bois, har bir tadqiqotchi va olimga ushbu platformadan foydalanishni boshlash va o‘z “olimlik raqami”ni yaratish tavsiya etiladi. 

Sevara Abdullayeva, 

Ilmiy-texnik axborot markazi xodimi.