Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban AQSH Prezidenti Tramp bilan muzokaradan so‘ng Budapesht Rossiya energiya importiga nisbatan joriy etilgan AQSH sanksiyasidan ozod qilinganini aytdi.
- Biz energiya to‘lovi kamayishini himoya qilishga muvaffaq bo‘ldik, Vengriya Yevropadagi eng past energiya narxini saqlab qoladi, - dedi Bosh vazir. - Biz Turkiya va “Drujba” neft quvuri orqali yetkazib berishni o‘z ichiga olgan sanksiyadan to‘liq ozod qilindik.
U AQSH va Vengriya o‘rtasida strategik kelishmovchilik yo‘qligi, ikki tomonning manfaati bir-biriga mos kelishini ta’kidladi. Yevropa rahbari so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan uchrashuvda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish mavzusi ham muhokama qilingan.
Orban qo‘shimcha qilishicha, Budapeshtda Tramp va Putin uchrashuvi o‘tkazilishi masalasi kun tartibida qolmoqda. Faqat tadbir sanasi aniq emas.

Shuningdek, AQSH Davlat departamenti ham Vashington va Budapesht bir necha muhim kelishuvga erishganini e’lon qildi. Ma’lumotga ko‘ra, endi bu ikki davlat munosabati yangicha strategik sheriklik darajasiga ko‘tariladi.
Yadroviy energiya bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi asosiy natija sifatida e’tirof etildi. Mazkur bitim fuqaro yadro sanoati, jumladan kichik modulli reaktorlar yaratishda hamkorlik qilish uchun yo‘l ochadi.
Vengriya umumiy qiymati 20 milliard dollarga yetadigan 10 tacha kichik modulli reaktorlar qurilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, Amerikaning “Westinghouse” kompaniyasi bilan "Paksh I" atom elektr stansiyasi uchun yonilg‘i yetkazib berish bo‘yicha 114 million dollarlik shartnoma imzolandi.
Energetika sohasida suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik ham muzokara kun tartibidan joy oldi. Vengriya 600 million dollarlik Amerika suyultirilgan tabiiy gazini xarid qilishga va’da berdi.
- Bu kelishuv Vengriyaning energiya mustaqilligini mustahkamlaydi, ta’minot manbalarini diversifikatsiya qiladi, deyilgan bayonotda.
Mudofaa sohasida tomonlar Harbiy axborot xavfsizligi to‘g‘risidagi bitim (GSOMIA)ni yangilash va 700 million dollarlik Amerika mudofaa mahsulotini sotib olish bo‘yicha muzokara boshlashga kelishib oldilar.
S.Rahimov, O‘zA