BBC nashri Ukraina va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar haqida maqola e’lon qildi. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlarning keskin bosqichga kirganligi aytiladi. Tomonlar o‘rtasida ochiq diplomatik janjal, o‘zaro haqoratli bayonotlar va ayblovlar kuzatilmoqda. Bu holatni oddiy siyosiy kelishmovchilik sifatida baholash qiyin, chunki mojaroning ortida chuqurroq siyosiy sabablar yotadi, deyiladi maqolada.
Munosabatlar keskinlashuviga turtki bo‘lgan omillardan biri, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqi bo‘ldi. U Yevropa davlatlarini, jumladan Vengriyani, Ukrainaga nisbatan tutgan pozitsiyasini keskin tanqid qildi. Bu tanqid Viktor Orban tomonidan shaxsiy hujum sifatida qabul qilinib, u javoban Ukraina hech qachon Yevropa Ittifoqiga qabul qilinmasligini aytdi.
Biroq tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu mojaro Davosdan ancha oldin boshlangan. So‘nggi oylarda Orban Ukrainaga qarshi keskin bayonotlar qilib, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Yevropa tashabbuslarini ham izchil ravishda taqiqlab keladi. Shu bois, hozirgi ziddiyat, uzoq davom etgan siyosiy qarama-qarshilikning navbatdagi bosqichi, deyilmoqda.
Bularning hammasiga sabab sifatida Vengriyada yaqinlashayotgan parlament saylovlarini ko‘rsatishadi. Chunki, joriy yilning aprel oyida o‘tadigan bu saylovlar mamlakat siyosiy kelajagini belgilab berishi mumkin. 2010 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan Viktor Orbanning «Fides» partiyasi ilk bor jiddiy raqobatga duch kelmoqda. Muxolifatdagi «Tisa» partiyasi va uning yetakchisi Peter Madyar jamoatchilik orasida sezilarli qo‘llab-quvvatlovga ega.
Mamlakatdagi shunday siyosiy sharoitda Orbanni «tashqi dushman» obrazini yaratganlikda ayblashmoqda, ya’ni bu gal dushman sifatida u Ukraina va Yevropa Ittifoqini ko‘rsatmoqda.
Orbanning qarashlarida Ukraina korrupsiyalashgan, xavfli va Vengriyani urushga tortmoqchi bo‘lgan davlat sifatida tasvirlanadi. Ukraina esa bunday ayblovlarni asossiz deb hisoblab, Vengriya hukumatini ichki muammolardan jamoatchilik e’tiborini chalg‘itishda ayblamoqda.
Kiyev rasmiylari saylovlarga qadar Budapeshtdan kelayotgan bayonotlarga ehtiyotkor, ammo qat’iy javob berishni afzal ko‘rmoqda.Mutaxassislar fikricha, Vengriyadagi saylovlar bo‘lib o‘tmaguncha munosabatlarda yumshash kuzatilmaydi. Agar Orban hokimiyatda qolsa, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayoni yanada qiyinlashishi mumkin. Biroq saylov bosimi yo‘qolganidan keyin Vengriya pozitsiyasi ma’lum darajada o‘zgarishi ham istisno etilmaydi.
Shuningdek, kelajakda Ukraina va Vengriya munosabatlariga AQSH prezidenti Donald Trampning pozitsiyasi ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb hisoblashishadi. Agar u Ukrainani Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishda qo‘llab-quvvatlasa, Budapesht ham bu holatga moslashishga majbur bo‘ladi. Hozircha esa Ukraina-Vengriya munosabatlari keskinlashgan holda qolmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/m5DLi_3UROk" title="Orban nega Kiyevga qarshi chiqyapti?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA