English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oramizdagi zamondoshlarimiz
23:16 / 2026-01-13

O‘z kasbining fidoyilari

Har bir kasbning o‘ziga yarasha mashaqqati, qiyinchiliklari bor. Faqat o‘z tanlagan sohasini chin dildan sevgan, kasbiga sadoqat bilan yondashgan insongina bu mashaqqatlarni yengib o‘ta oladi. Ana shundagina mehnat samarasi jamoa hurmati, el e’tirofi bilan baholanadi. Bunday fidoyi insonlar esa oramizda ko‘plab topiladi. Shulardan biri “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limida chilangar sifatida faoliyat yuritayotgan G‘olib Barmatovdir.

Gaz xo‘jaligida chilangarlik kasbi tashqi tomondan oddiydek tuyulsa-da, aslida juda mas’uliyatli va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Tabiiy gazning aholi xonadonlariga uzluksiz va xavfsiz yetkazib berilishi aynan shu soha vakillarining halol, vijdonan bajarayotgan ishlariga bog‘liq. Gaz taqsimlash qurilmalarini doimiy texnik nazoratdan o‘tkazish, quvurlardagi ehtimoliy nosozliklarni bartaraf etish, gaz sizib chiqish holatlarining oldini olish, bularning barchasi chilangarlarning kundalik vazifalaridir.

Qahramonimiz G‘olib Barmatov ushbu sohada 15 yildan buyon sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. Ko‘p yillik tajribasiga qaramay, u har kuni ishga yuqori mas’uliyat va talabchanlik bilan yondashadi. Ayniqsa, qish mavsumida gazchilar zimmasiga tushadigan mas’uliyat yanada ortadi. Yarim tun, dam olish yoki bayram kunlarida yuz berishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini tezkor bartaraf etish ham aynan shu fidoyi kasb egalarining zimmasida.

– Chilangarlik sohasida ishlayotganimga 15 yil to‘ldi, – deydi G‘olib Barmatov. – Ishimizning qiyin tomonlari ko‘p. Ba’zan yarim tunda ham gaz sizib chiqish holatlarini bartaraf etishga to‘g‘ri keladi. Lekin aholiga tabiiy gazni bir maromda yetkazib berishga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman.

G‘olib Barmatovning mehnati munosib baholanib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Respublika gaz ta’minoti filiallari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi jamoa” ko‘rik-tanlovida “Navoiyshahargaz” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu yutuqda G‘olib Barmatovning ham munosib hissasi bor. U o‘z muvaffaqiyatlarida ustozlarining mehnati va qo‘llab-quvvatlashini alohida e’tirof etadi.

Ishda talabchan, izlanuvchan va intiluvchan bo‘lgan G‘olib Barmatov oilada ham ibratli ota. U uch o‘g‘il va bir qizni voyaga yetkazmoqda. Farzandlarini oliy ma’lumotli, jamiyatga foydali insonlar qilib tarbiyalash uning eng katta orzularidan biri.

Bugun xalq xizmatida kechayu kunduz shay bo‘lib, o‘z kasbini ardoqlab mehnat qilayotgan G‘olib Barmatov singari gazchilar chin ma’noda hurmat va e’tirofga loyiq. Ular mehnati orqali xonadonlarimizda issiqlik, xotirjamlik va farovonlikni ta’minlanmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri