Har yili yurtimiz mustaqilligi kuni nishonlanadigan sana arafasida mamlakatimizning har tomonlama rivojida samarali mehnati bilan hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz turli darajadagi davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi. Ushbu an’ana joriy yilda ham davom ettirildi.
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida nishonlangan eng ulug‘, eng aziz bayramimiz –mustaqilligimizning 34 yillik ayyomi arafasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Markaziy kon boshqarmasi “Muruntog‘” koni uchastka portlatuvchisi Shuhrat Yodgorov ham “Shuhrat” medaliga munosib deb topildi.
– Harbiy xizmatni o‘tab kelganimdan so‘ng Markaziy kon boshqarmasiga oddiy ishchi bo‘lib ishga kirganman, – deydi Sh.Yodgorov. – Qariyb o‘n yil kon ishchisi vazifasida ishladim. 2004 yilda esa portlatuvchi kasbiga qayta o‘qib, shu kasbga ega bo‘ldim. Shundan buyon konning portlatish ishlarida ishlab kelmoqdaman. Ishimiz juda ham mas’uliyatni, portlatish jarayonida ishchilardan mahorat va sergaklik talab etiladi. Men ishga o‘tgan yillarda burg‘u quduqlarini zaryadlash, kimyoviy moddalarni yuklash, tashish qo‘l mehnatini talab qilar edi. Bugungi kunga kelib burg‘u quduqlarini zaryadlash ishlari maxsus “SCANIA” rusumidagi zamonaviy aralashtirib zaryadlash mashinalari yordamida oson va tez bajarilmoqda. Bu kabi mashinalar nafaqat og‘irni yengil qilish, balki xodimlar xavfsizligini ta’minlashda va ish unumdorligini oshishida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuhrat Yodgorov kabi portlatuvchilar yozning jaziramasi-yu, qishning qahraton sovug‘ida ham o‘z ishlarini mas’uliyat bilan bajarishga o‘rganib qolgan. Portlatish uchastkasi ishchilari bir kunda o‘rtacha 100-250 tonna turli xil portlatuvchi moddalarni burg‘u quduqlariga joylashtirib, tog‘ jinslarini portlatish orqali yumshatib, ekskavatorlarning tog‘ jinslarini yuklashi uchun tayyor holda maydalab berishadi.
Sh.Yodgorov hayoti davomida nimagaki erishgan bo‘lsa, o‘zining tashabbuskorligi va fidoyiligi sababdir. Ayni paytda u 20 dan ortiq yoshlarga o‘z kasbining sir-asrorlarini o‘rgatib, ustozlik maqomiga erishdi.
U turmush o‘rtog‘i Zulxumor opa bilan uch nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Qizlari Dildora Samarqand Davlat Universitetini, Aziza esa Buxoro Davlat Universitetini tugatib, o‘zlari tanlagan sohalarda mehnat qilayotgan bo‘lsa, o‘g‘li Behruz Samarqand Davlat arxitektura-qurilish universitetida tahsil olmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbiri