Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oramizdagi qahramon (+video)
15:14 / 2021-12-03

3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni

Hayot – turli sinov, pastu balandliklardan iborat. Shunday insonlar borki har qanday sinovni metin irodasi va ulkan matonati bilan yengib o‘tib,  ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la olgan.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanlik Mag‘firat Rahmonqulova ulardan biri. 

Ibratli oilaning oqila qizi yoshligidan hunarmandchilikka mehr qo‘yib ulg‘ayadi. 2012 yil Mag‘firat 17 yoshida mash’um hodisa tufayli, oyoqlari jiddiy shikastlanib, aravachaga mixlanib qoldi. Ulkan maqsad va orzular og‘ushida parvoz qila boshlagan qiz uchun bu falokat og‘ir sinov edi. Avvaliga u tushkunlikka tushib qoldi. Ammo, tog‘dek bardoshi tufayli qahramonimiz ushbu zarbani yengib o‘tishga o‘zida kuch topa oldi. Hayotining yangi sahifasi sevimli mashg‘uloti – milliy hunarmandchilik bilan boshlandi.   

Hozirda Mag‘firat milliy uslubdagi liboslar, kashtalar, ayollar sumkalari, do‘ppilar, bejirim esdalik mahsulotlari tikish bilan shug‘ullanadi. O‘nga yaqin shogirdi bor. Ular bilan birgalikda tayyorlayotgan mahsulotlari nafaqat hamyurtlarimiz, balki xorijlik sayyohlar orasida ham xaridorgir. 

Mag‘firat 2018 yil Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Eng yaxshi hunarmand”, deb topilgan.

Inson boshiga tushgan har qanday sinovga qaramay, yashash va intilishda davom etishi kerakligini bot-bot takrorlaydigan Mag‘firatni oramizdagi qahramon, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/Ls5v9_RgFWg" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>


Jonibek QO‘ZIMURODOV (video), O‘zA