Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oramizdagi odamlar
18:20 / 2022-04-15

Mehnat bilan o‘tgan umr

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sobit Toirov 90 yoshga to‘ldi.

1932 yilning 15 aprelida Toshkent shahrida tug‘ilgan Sobit Toirov 1949 yili o‘rta maktabni bitirib, O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika bo‘limida, keyin Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida ta’lim oldi.

Dastlab “Qizil O‘zbekiston” respublika gazetasida ish boshlagan Sobit aka 1962 yildan O‘zTAG(hozirgi O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga – O‘zA)ga tarjimon bo‘lib ishga o‘tadi. Tarjimon, bo‘lim mudiri, Tarjima tahririyati bosh muharriri sifatida 31 yil davomida O‘zAda faoliyat ko‘rsatadi.

Sobit Toirov bosib o‘tgan uzun hayot va mehnat yo‘li bugungi yoshlarga ibratdir.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligida Sobit Toirovning 90 yoshga to‘lishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Sobit Toirov bilan birga ishlagan safdoshlari, shogirdlari, oila a’zolari va O‘zA xodimlari ishtirok etdi.

–Umrimning asosiy qismi O‘zA(O‘zTAG) bilan bog‘liq, – deydi Sobit Toirov. – O‘sha yillar hayotimning eng go‘zal, serzavq davrlari bo‘lgan. Kechayu kunduz ishlab charchamasdik. Ozgina maosh olsakda, ishimizga mehrimiz baland edi. Bu yerda men mutaxassis va inson sifatida shakllandim, ulg‘aydim, hayotda o‘z yo‘limni topdim. Keyin ham bir-ikki idoralarda ishladim. Lekin birontasi O‘zAning o‘rnini bosolmaydi. Yoshlarga aytadigan gapim: kasblaringni sevinglar, mehnatdan qochmanglar.Mehnat insonni ulug‘laydi, degan gap nihoyatda to‘g‘ri. Bunga mening hayotim misoldir.

Sobit aka to‘qson yoshga to‘lgan bo‘lsa-da hamon bardam va tetik, yoshlarday dadil qadam tashlaydi. Kayfiyati,ko‘rinishi yaxshi.

Tadbirda qatnasharkanman, Sobit aka va safdoshlarining chehrasidagi xotirjamlik e’tiborimni tortdi, havasimni uyg‘otdi. Bu mehnat bilan o‘tgan mazmunli umrning, oiladagi tinchlik-xotirjamlik, farzandlar kamolidan, turmushdan mamnunlikning bir yorqin ifodasidir.

A.Taypatov, O‘zA