Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvlar davomida nazariya bilan amaliyot uyg‘un holda olib borildi
09:14 / 2021-05-23

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali tomonidan tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlarining bosh mutaxassislari uchun tashkil etilgan o‘quv-seminar treninglar amaliyot bilan chambarchas davom etdi.

O‘quv jarayonida Ilm bilan amaliyotni bir-biriga integratsiya qilish, tinglovchilarning ham kasbiy ham shaxsiy kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida tuman va shahar hokimlarining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari bosh mutaxassislari hamda investitsiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarining bosh mutaxassislari Buxoro shahrida joylashgan “Bukhara Cotton Textile” korxonasi” faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Buxorodagi “Bukhara Cotton Textile” paxta-to‘qimachilik klasteri Davlat rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda birinchilardan tashkil etilgan korxona bo‘lib, yiliga o‘rtacha 12,5 million dona “denim klassik” va “denim stretch” shimlari ishlab chiqarilmoqda. bugungi kunda mazkur to‘qimachilik korxonasida 1 ming 500 nafar, klaster bilan qo‘shib hisoblaganda 6 ming nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

Hokim o‘rinbosarlarining bosh mutaxassislari ushbu ish jarayoni, mahsulotlar sifati va albatta kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bilan tanishishdi.

-O‘quv mashg‘ulotlari davomida nazariy va amaliy bilimlarni olish bilan bir qatorda investitsion loyihalar bilan ham tanishdik – deydi Peshku tumani hokimining investitsiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bosh mutaxassisi Ulug‘bek Turobov. - Ushbu loyihalarni o‘zimizni tumanda ham tashkil qilish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni o‘rgandik. bugungi kunda klaster nafaqat tumanning balki mamlakatning iqtisodiy o‘sishi, eksport hajmining oshishiga olib keladi. O‘ylaymanki, o‘quv mashg‘ulotlarida olgan 5 kunlik bilimlarimizni amaliyotga tatbiq etgan holda tumanni iqtisodiy o‘sish nuqtalarini aniqlab, tegishli takliflarimizni ishlab chiqamiz.

O‘quv-seminar yakunida mahalliy hokimliklarining bosh mutaxassislari olgan bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali tomonidan “test.argos.uz” platformasi orqali test sinovlarini topshirishdi hamda o‘quv-seminarlarni muvaffaqiyatli tamomlagan 23 nafar davlat fuqarolik xizmatchilariga sertifikatlar topshirildi.

- Biz mutaxassislar uchun bunday o‘quvlar ilgari viloyatda tashkil etilmagan – deydi Buxoro tumani hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bosh mutaxassisi Sunatillo Samadov. - Bugun biz nafaqat malaka oshirdik, balki hamkasblarimiz bilan tuman va shaharlarning mavjud iqtisodiy o‘sish nuqtalari, imkoniyatlari hamda iqtisodiy prognozlar bo‘yicha o‘zaro tajriba ham almashdik. O‘ylaymizki, kelgusida viloyatni iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashda, aholi bandligini ta’minlashda tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘paytirishga ko‘maklashamiz hamda o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shamiz.

Zarif Komilov, O‘zA