Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 129-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 9-11 sinf o‘quvchilari hamda pedagoglar uchun “Muvaffaqiyatli martaba yo‘llari va shaxsiy muvaffaqiyat sirlari” mavzusida seminar tashkil qilindi.
Seminardan maqsad o‘quvchilarni zamonaviy kasblar bilan tanishtirish, kasb tanlashda qiyinchilikka uchrayotgan bolalarga psixologik yordam ko‘rsatish, xorijiy, milliy tadbirkor va kasb egalari bilan muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.
Seminar davomida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi mutasaddilari bilan birga vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar xodimlari, oliy ta’lim muassasalari professor o‘qituvchilari va tadbirkorlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti katta o‘qituvchisi Samira Rahimovaning orzu va maqsadning ahamiyati haqidagi ma’ruzasi tinglandi.
Bundan tashqari, “Uzbekistan airways“ AJ xodimi Mardona Qosimova, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning mas’ul xodimi Doston Nazirov tarjimonlik va tijorat sohalarini qanday qilib bir maromda uddalash mumkinligi haqidagi tajribalari bilan bo‘lishdi.
Tadbir yakunida o‘quvchilarning savollarga batafsil javob berildi.
Shuningdek, maktabda kasb-hunarga yo‘naltirish tizimida uchrayotgan muammolar yuzasidan metodik yordamlar ko‘rsatildi.
O‘zA