English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvchilarning matnni o‘qib tushunish darajasini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqot o‘tkazilmoqda
18:50 / 2021-04-05

Bugun – 5 aprel kuni umumta’lim maktablari 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qib tushunish darajasini baholash bo‘yicha (PIRLS) xalqaro tadqiqotlar boshlandi. 2001 yildan beri har besh yilda bir marotaba o‘tkazib kelinayotgan ushbu tadqiqotlarda mamlakatimiz ilk marotaba dunyoning 60 dan ortiq davlatlari qatorida ishtirok etmoqda.

Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur tadqiqot o‘quvchilarning boshlang‘ich sinfda to‘rt yil mobaynida qay darajada bilimga ega bo‘lganliklarini aniqlab, butun dunyo bo‘ylab qiyosiy tahlil o‘tkazadi.

14 aprelga qadar davom etishi rejalashtirilgan mazkur tadqiqotlarda respublikamizdagi 180 ta maktabda tahsil oluvchi 5 ming 948 nafar 4-sinf o‘quvchisi hamda ularning ota-onalari, maktab direktorlari va sinf rahbarlari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Tadqiqotda ishtirok etuvchi maktablar va o‘quvchilar tasodifiylik tamoyillari asosida tanlandi. Bunda maktablardagi ta’lim tili, shahar yoki qishloqda joylashganligi va o‘quvchilar soni kabi mezonlar ham inobatga olindi.

PIRLS asosiy tadqiqoti qog‘oz shaklida o‘tkaziladi va unda 4-sinf o‘quvchilari matnni o‘qib tushunish darajalarini baholovchi test topshiriqlarini bajaradi. Ta’limga qiziqishi, uy va maktab sharoitlari to‘g‘risidagi shaxsiy fikrlarini namoyon etuvchi o‘quvchi so‘rovnomasini ham to‘ldiradi.

Shuningdek, ishtirokchi maktablar rahbarlari va tanlangan sinf rahbarlari ta’lim muassasasidagi ta’lim muhitini o‘rganuvchi maktab va o‘qituvchi so‘rovnomasi, o‘quvchilarning ota-onalari yoki vasiylari esa farzandlarining ta’lim olish sharoitlarini o‘rganuvchi uy so‘rovnomasini to‘ldiradi.

Ta’lim inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish Milliy markazi tomonidan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladigan jarayonlar uchun barcha tadqiqot materiallari: baholash daftarlari va so‘rovnomalar tegishli tillarga moslashtirilgan holda tarjima qilinib, xalqaro verifikatsiyadan o‘tkazilgan.

Qayd etish lozim, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchisi yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA