Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan matematika va ingliz tili o‘qituvchilari uchun seminar-trening tashkil etildi.
"O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllantirish" mavzusidagi ushbu seminar-mashg‘ulotda matematika va ingliz tili o‘qituvchilari ishtirok etmoqda.

Mazkur treninglar uch bosqichli bo‘lib, dastlabki bosqich onlayn tarzda tashkil etildi va unda 28 nafar pedagog ishtirok etdi. Ayni damda seminarning ikkinchi bosqichiga start berildi va unda 2 ming 800 nafar o‘qituvchi qatnashmoqda.
Treninglarning uchinchi bosqichida esa 35 ming 422 nafar o‘qituvchining zamonaviy pedagogik mahoratini oshirish ko‘zda tutilgan.

Treninglarning uchinchi bosqichi mahalliy trenerlar tomonidan tuman (shahar) umumta’lim maktablarining pedagoglarini qamrab olgan holda joriy yil yakuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur seminar-treninglardan ko‘zlangan maqsad Prezident maktablarining ilg‘or tajribasi bilan o‘rtoqlashish, ustozlarni zamonaviy metodikalar, ta’limdagi yangiliklar bilan tanishtirish, o‘quvchilarda ijodiy va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishdan iboratdir.

–O‘quvchilarni dars jarayonida faollashtirish muhim sanaladi, – dedi Toshkent shahridagi Prezident maktabi matematika fani o‘qituvchisi, pedagog-trener Malika Tohirova. – Seminar davomida o‘qituvchilarga darsga yangicha yondashuv metodlari va loyiha ishlarini tashkil etish usullari o‘rgatildi. Mashg‘ulotlar davomida qanday ma’rifiy loyihalarni o‘quvchilarga bersak, ularning darsga qiziqishi yanada ortadi, jamiyatga nafi ko‘proq tegadi, degan savolga javob topishga harakat qildik. Matematikani real hayot bilan bog‘lab o‘rgatishdek dolzarb masala xususida atroflicha fikr yuritdik.
Bu yo‘nalishdagi treninglar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri