Andijon shahridagi 35- davlat ixtisoslashtirilgan maktabida choraklik summativ baholash bo‘yicha imtihonlar bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, umumta’lim maktablarida o‘qitishga, o‘quvchilarning bilim darajasini baholashga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 maydagi “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan joriy o‘quv yilidan boshlab Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi tanlab olingan ta’lim muassasalarida tajriba-sinov tariqasida choraklik summmativ baholash bo‘yicha imtihonlar o‘tkazilishi belgilangan.
[gallery-15222]
Andijon viloyatidagi 32 ta ixtisoslashtirilgan maktabda ana shunday imtihonlar o‘tkazildi.
Andijon shahridagi 35- davlat ixtisoslashtirilgan maktabining o‘zbek va rus sinflarida 1 ming 845 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bugun mazkur maktabning 5-11 sinf o‘quvchilari choraklik summmativ baholash bo‘yicha imtihonlar topshirdi.
Imtihonlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshidagi markaz tomonidan ishlab chiqilgan test asosida o‘tkazilib, o‘quvchilarning olgan bilimlari baholandi.
–Baholashning ushbu tizimi dunyodagi ko‘plab rivojlangan davlatlarning ta’lim tizimida qo‘llanib kelinadi, – deydi maktab direktori Ra’noxon Islomova. – Tizimning afzalligi shundaki, baholashga o‘qituvchi aralashmaydi, o‘quvchi savollarga olgan bilimi darajasida javob beradi. Imtihon natijalari tahlili esa maktab salohiyatini, har bir o‘quvchining real bilimini ko‘rsatib beradi. Natijada qaysi fan bo‘yicha qaysi o‘quvchi bilan qo‘shimcha ishlash zarurligi aniq ko‘rinadi.
Imtihonlar viloyatdagi 32 ixtisoslashtirilgan maktabning barchasida belgilangan tartiblar asosida, yuqori saviyada o‘tdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari