English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvchilarimiz mental arifmetika bo‘yicha musobaqalarda g‘alaba qozondi
18:45 / 2024-07-23

“ALOHA Mental Arithmetic” tomonidan navbatdagi keng ko‘lamdagi xalqaro musobaqalar o‘tkazildi.

Bu yilgi musobaqalarda serquyosh Ispaniya poytaxtiga kelgan 600 ga yaqin o‘quvchi va 2800 nafar mehmonlar ishtirok etdi.  O‘zbekiston sharafini mazkur tadbirga astoydil tayyorgarlik ko‘rgan 13 nafar o‘quvchi himoya qildi.  

ALOHA xalqaro dasturining O‘zbekiston Respublikasidagi bosh usta-murabbiyi Dinara Xakimova rahbarligidagi O‘zbekiston terma jamoasi 100 foizlik natijani ko‘rsatdi. 13 nafar ishtirokchimizning barchasi eng oliy mukofotlar bilan taqdirlanib, ularning sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarildi.    

Chempionat yakunlariga ko‘ra, Samira Do‘stmuhammad, Akbar Kabulniyozov, Lola Xojayeva, Amirxon Rustamov mutlaq chempionga aylandi. Fazilat Do‘stmuhammad, Diyora va Malika Kabulniyozovalar, Diniella Kamalova, Asad Mannonov, Ma’rufxo‘ja Sanjarxonov, Imronxo‘ja Shuxratxo‘jayev chempionlar safidan joy oldi, Firdavs Kabulov va Valixon Nazarov sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.    

Tadbirda O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi vakillari ishtirok etib, terma jamoamizni qo‘llab-quvvatladi.  Musobaqalar yakunlanganidan so‘ng barcha ishtirokchilarga medal va sertifikatlar topshirildi.    

Endi ALOHA Uzbekistan jamoasi  umumiy hisobda xalqaro musobaqalarda 102 ta g‘alabaga ega. Bu mamlakatimiz uchun katta sharaf.    

O‘zbekiston terma jamoasi “Colors of the world” konsert dasturida  o‘zining chiroyli raqslari bilan barchani lol qoldirdi. Yigitlar andijoncha va xorazmcha raqslarni ijro etdi.  

Hozirgi kunda 42 ta mamlakat, jumladan AQSH, Kanada, Rossiya, Meksika, Germaniya, Irlandiya, Ispaniya, Hindiston, Xitoy, Malayziya va boshqa davlatlarda 4 milliondan ortiq bola patentlangan ALOHA dasturi bo‘yicha bilim oladi. Bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan O‘zbekistondagi xalqaro vakolatxona 2016 yilning kuzida ochilgan va  MDH davlatlari orasida ilk litsenziyalangan ALOHA maktabi sanaladi.  

ALOHA Uzbekistan jamoasi xalqaro musobaqalarda ishtirok etish bo‘yicha boy tarixga ega.  

2017 yilda bolalarimiz Malayziya poytaxtida ajoyib natijalarni ko‘rsatdi. 2018 yilda Moskvadagi xalqaro musobaqalarda o‘z natijalarini oshirdi. Xitoyda O‘zbekistonning barcha vakillari faxrli o‘rinlarni egallab, chempionlarning eng oliy unvonlariga sazovor bo‘lib, vatanga medallar, kuboklar va faxriy yorliqlar bilan haqiqiy g‘oliblar sifatida qaytdi.  2023 yilda ALOHA terma jamoasi karantindan so‘ng uzoq kutilgan Malayziyadagi xalqaro musobaqalarda o‘rnatilgan rekordni yangilab, 33 ta kubokni qo‘lga kiritdi va barchani muvaffaqiyatlari bilan hayratda qoldirdi.    

Ishtirokchilar bir nechta toifalarda bellashdi. Ular 5 daqiqa mobaynida turli qiyinchilik darajasidagi 70 ta arifmetik misollarni yechishlari lozim edi. Mamlakatimiz sharafini xalqaro arenada bu safar ham munosib himoya qilish maqsadida faol tayyorgarlik ko‘rildi.    

Bugungi kunda turli xil o‘quv markazlari tomonidan keng foydalaniladigan o‘ziga xos mental arifmetika konsepsiyasi 1993 yilda ALOHA Mental Arithmetic kompaniyasiga asos solgan janob Lou Mun Sung tomonidan ishlab chiqilgan. O‘ziga xos dastur nafaqat bolalar, balki ota-onalar va o‘qituvchilarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.  Dunyo bo‘ylab yangidan-yangi mental arifmetika markazlari ochila boshladi. Bolalar ALOHA dasturi bo‘yicha viziualizatsiya uchun abakus (2000 yil oldin yaratilgan hisoblar)dan foydalangan holda miyalarida hisoblashni o‘rganadi, bu esa hisoblash amallarini tez bajarish imkonini beradi.  

Qayd etish kerakki, ALOHA Mental Arithmetic dasturi chuqur tadqiqotlar o‘tkazish uchun katta mablag‘lar ajratadi. Tadqiqotlar doirasida o‘qish-o‘rganish va bosh miyani rivojlantirish uchun eng maqbul vaqt 5 yoshdan 13 yoshgacha ekanligi ilmiy asoslangan. Ta’lim haftada bir marta bo‘lib o‘tadi, mashg‘ulotlar esa 2 soat davom etadi.  Bolaning barkamol rivojlanishi muhim jihat hisoblanadi, shuning uchun ta’lim interaktiv shaklda bo‘lib o‘tadi.  Keyingi bosqichlarda bolalar kasrlar bilan amallar bajarish, kvadratga ko‘tarish, kvadrat ildiz chiqarish, shuningdek, yuqoridagi barcha amallarni kombinatsiya qilishni o‘rganadi.  

ALOHA Mental Arithmetic Uzbekistan 5 dan 13 gacha bo‘lgan yoshdagi bolalar uchun eksklyuziv, har jihatdan qulay intellektual rivojlanish markazlaridir.  Mashg‘ulotlar yuqori malakali sertifikatlangan pedagoglar tomonidan olib boriladi.  

ALOHA Uzbekistan dasturining mashg‘ulotlariga qatnaydigan har bir bola o‘z ID-kodiga ega bo‘ladi va xalqaro ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tadi, bu markaz o‘quvchisiga dasturning ishtirokchi mamlakatlardan istaganida mental arifmetika bo‘yicha xalqaro turnirlarda ishtirok etish imkonini beradi.  Kursni tamomlab, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchilar xalqaro namunadagi sertifikatlarga ega bo‘ladi.    

N.Usmonova tayyorladi, O‘zA