3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Samarqand viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi professional ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan chin yetim, nogiron, ehtiyojmand oila farzandlari uchun bayram tadbiri uyushtirdi.


– Bu bir necha yildan buyon an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan xayriya tadbirlarimizdan biri, – deydi Samarqand viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov. – Bu orqali avvalo yurtimizda, ta’lim tizimida nogironligi bo‘lgan bolalarga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, ularning boshqa tengdoshlari qatori ilm olishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun barcha sharoit mavjudligini ifodalaymiz. Shu bilan birga ta’lim muassasalarida bag‘rikenglik, mehr-oqibat, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan ezgu harakatimizning yana bir ifodasidir.


Dastlab professional ta’lim muassasalarining 80 nafar o‘quvchisi Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklarga sayohat qildi. So‘ngra ularga qishki kiyimlar berilib, dasturxon yozildi.
Tadbirda Samarqand shahridagi bolalar musiqa va san’at maktablari va “Barkamol avlod” markazi o‘quvchilari tomonidan badiiy dastur namoyish etildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri