Prezidentimizning 2025 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Namangan shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” ezgu g‘oyasi asosida yangi o‘quv yilida maktab ostonasiga qadam qo‘yadigan jajji bolajonlar uchun xayriya tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan yangi 2025-2026 o‘quv yilida maktabga boradigan 250 nafar birinchi sinf o‘quvchisini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash niyatida ajratilgan maktab formalari, o‘quv qurollari va kitoblar tantanali tarzda taqdim qilindi.

Namangan shahar hokimligi, shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, “Mahalla” fondi viloyat bo‘limi mutasaddilari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokidagi tadbirda bolajonlar bilan dildan muloqotga kirilib, ularning qiziqishlari, kelgusida qaysi kasb egallashlari va sport bilan shug‘ullanishlari haqida qiziqildi.
Bu kabi ezgu tashabbuslar o‘z navbatida, ertamiz egalarini yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash, o‘quvchilarni har tomonlama rag‘batlantirish hamda bolajonlarning qalbida bayramona kayfiyat uyg‘otishga xizmat qildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA