“O‘zatom” agentligi huzuridagi Atom texnologiyalari axborot markazida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi maxsus maktab-internati o‘quvchilari uchun atom energetikasi va yadro texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari haqida ekskursiya o‘tkazildi.
Agentlik axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu tadbirning asosiy maqsadi o‘quvchilarni zamonaviy atom texnologiyalari va ularning turli sohalarda qo‘llanilishi bilan tanishtirishdir.

Ekskursiya davomida o‘quvchilar "RITM-200N" va "VVER-1200" atom reaktorlarining ish prinsiplari haqida batafsil ma’lumot olishdi. Shuningdek, yadro texnologiyalarining tibbiyot va qishloq xo‘jaligida qanday qo‘llanilishi to‘g‘risida savollar berib, atom energiyasining inson hayotiga ta’siri haqidagi bilimlarini oshirdi.
Ishtirokchilarga atom stansiyasining maketi namoyish etildi va uning asosiy qismlari va vazifalari tushuntirildi. O‘quvchilarga velosipedlar yordamida energiya ishlab chiqarish tajribasi taqdim etildi, bu tajriba ularning katta qiziqishini uyg‘otdi.
Energiya aylanish jarayonining amalda qanday ishlashini ko‘rgan o‘quvchilar tajribada faol ishtirok etdi.

Tadbir yakunida “Haqiqat yoki yolg‘on” viktorinasi o‘tkazildi. Bu viktorinada o‘quvchilar radioaktivlik darajasi eng yuqori bo‘lgan yong‘oqni, yadroviy muz floti ishlatilgan mamlakatlarni va yog‘och qo‘ңg‘izlarining radiatsiyani aniqlashdagi roli haqida ma’lumot oldi.
"O‘zatom" agentligi o‘zining ilmiy-ta’lim tadbirlari orqali O‘zbekiston yoshlari orasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha bilimlarni kengaytirishda davom etmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA