Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni shakllantirish omillari
14:21 / 2023-03-23

Termiz shahridagi Prezident maktabida umumta’lim maktablarining matematika va ingliz tili fanlari o‘qituvchilari uchun “O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllantirish” mavzuiga bag‘ishlangan uch bosqichli seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Termiz shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari erishgan yutuqlar, yaratgan innovatsion ishlanmalar, ijodiy ishlar va nafis hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi. Seminar-treningning ochilish marosimida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zokir O‘tayev hamda boshqalar keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar har taraflama chuqur bilimga ega yoshlarni tarbiyalab, kamolga yetkazishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Viloyatdagi umumta’lim maktablarining matematika va ingliz tili fanlari o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan mashg‘ulotlarning ta’lim sifati hamda samaradorligini oshirishdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi.  

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etilgan mashg‘ulotlar matematika va ingliz tili fani o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan kaskad usulida olib borilmoqda. Guruhlarga bo‘lingan ishtirokchilarga poytaxtda malaka oshirib, tegishli sertifikatga ega bo‘lgan Prezident maktabi va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining malakali o‘qituvchilari mavzu yuzasidan qiziqarli ma’ruzalar qilib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.  

–Matematika darslarida loyiha ishi mavzuidagi mashg‘ulotimizda ishtirokchilar juda faol qatnashmoqda, – deydi Termiz shahridagi Prezident maktabi matematika fani o‘qituvchisi, trener Safarali Mamarasulov. – Bu amaliy ish o‘quvchilarning individual va jamoaviy ko‘p bosqichli faoliyatini amalga oshirish qobiliyatini shakllantiradigan faol o‘qitishga asoslangan loyiha ishi ko‘rinishida bajarilmoqda. Uni bajarish orqali “Proporsiya” mavzusini o‘rganish va yangi mavzuni an’anaviy usulda emas, balki berilgan muammoni yechish orqali anglash maqsad qilingan. Mashg‘ulotlar chog‘ida ishtirokchilar uchun ijodiy ishlar taqdimoti ham o‘tkaziladi.

Seminar-treningda viloyatdagi umumta’lim maktablarining 250 nafar matematika va ingliz tili fani o‘qituvchisi ishtirok etmoqda. Ular ikki kun davomida mavzuni to‘liq o‘zlashtirib olgach, o‘z hududlaridagi maktablarda hamkasblari uchun xuddi shunday treninglar tashkil etadi.  

– Mashg‘ulotlar o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan kaskad usulida olib borilayotgani bizga juda manzur bo‘lmoqda, – deydi Angor tumanidagi 6-umumta’lim maktabi matematika fani o‘qituvchisi Ma’rifat Nurmatova. – Bu o‘quvchilarning individual va jamoaviy qobiliyatini oshirib, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga, yanada chuqur bilim olishiga ko‘maklashadi. Kelgusida biz bu yerda olgan bilim va ko‘nikmalarimizni o‘z hududimizdagi boshqa o‘qituvchilarga ham o‘rgatamiz.

Seminar-trening yakunida ishtirokchilarning trenerlik faoliyatiga tayyorgarlik darajasini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlar ertaga, 24 mart kuni yakunlanadi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA