Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvchilarda fuqaro muhofazasi ko‘nikmasi shakllanmoqda
18:18 / 2023-03-15

Respublikamiz bo‘ylab “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Namangan viloyatining Pop tumanidagi 60-sonli umuta’lim maktabida o‘quvchi-yoshlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Dastavval, viloyat harbiy prokuraturasi hamda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutasaddilari ta’lim maskanida o‘quvchilar tomonidan qo‘lda yasalgan buyumlar, rasm chizish jarayonlari, shaxmat-shashka, tennis, karate va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.  

Yosh avlod vakillarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan davra suhbatida viloyat harbiy prokuraturasi mas’ul xodimlari tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollariga hayotiy misollar orqali javob berdi. Vatanparvarlik, sadoqat, jasurlik va matonat kabi xislatlar har bir er yigitda, har bir fuqaroda mujassam bo‘lmog‘i zarurligi ta’kidlandi.  

– Maktab o‘quvchilarining sahna ko‘rinishlari, turfa chiqishlari bilan yanada mazmunli kechgan tadbirda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar akademiyasi va Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish qilindi, – deydi Namangan harbiy prokurorining o‘rinbosari, adliya kapitani Ikromjon Ulkanboyev. – Qolaversa, o‘quvchilar e’tiboriga Pop tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limining qutkaruv anjomlari va ulardan foydalanish, Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism qurol-aslahalarining ko‘rgazmasi namoyish etildi. Albatta, bunday amaliy muloqotlar yoshlar orasida favqulodda vaziyatlarda tezkorlik bilan harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish, muhimi harbiylikka qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA