FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman ixtisoslashtirilgan maktabida 324 nafar o‘quvchi saboq oladi. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, ta’lim sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor tufayli bilim maskani o‘quvchilari ulkan marralarni zabt etmoqda. Buning isboti o‘laroq, o‘tgan o‘quv yilida maktab bitiruvchilarining barchasi 100 foiz ko‘rsatkich bilan yurtimiz hamda xalqaro nufuzli universitetlar talabasiga aylandi.
Maktab o‘quvchilaridan 113 nafari ingliz tilini bilish darajasini aniqlovchi IELTS va multilevel sertifikatlariga, 87 nafari ona tili va adabiyot, tarix, matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi fanlar bo‘yicha milliy sertifikatlarga ega. E’tiborlisi, bular orasida 6-7-sinf o‘quvchilari ham bor.
Bu yerda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning yutuqlari maktab salohiyatidan dalolat beradi. Jumladan, 9-sinf o‘quvchisi Muazzam Nabijonova o‘tgan o‘quv yilining o‘zida ona til va adabiyot fanidan asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida faxrli 1-o‘rin, ona tili va adabiyot fanidan A, ingliz tili fanidan B2 darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, uning “Orzular fasli” nomli ilk she’riy kitobi nashrdan chiqdi. Viloyatda o‘tkazilgan “Kitobxonlik festivali”da qatnashgan Muazzam “Ijodkor bolalar” yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladi.
[gallery-25815]
Muazzam Nabijonovaning ona tili va adabiyot fanidan erishgan yutuqlari va ijodiy salohiyati ta’lim jarayonida ona tilimizning boy imkoniyatlarini yosh avlodga singdirish borasidagi mashg‘ulotlarning samarasidan darak.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA