Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvchilar qishki ta’tilni mazmunli o‘tkazadi
17:15 / 2026-01-06

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi  tomonidan o‘quvchi yoshlarning qishki ta’til davrini mazmunli va maroqli o‘tkazishlariga ko‘maklashish, ularning jismoniy va intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida mahallalarda “Mazmunli ta’til” loyihasi o‘tkazilmoqda.

– Loyiha doirasida 5-10 yanvar kunlari o‘quvchilar o‘rtasida mini futbol, shaxmat-shashka, kibersport, quvnoq startlar sport musobaqalari,  shuningdek, zakovat, milliy qo‘shiqlar ijrosi yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilishi belgilangan, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Naziraxon Ubaydullayeva. – Ushbu tadbirlarga Andijon viloyatining 900 dan ortiq mahallalarida yashovchi maktab o‘quvchilari jalb etiladi. 

Viloyatning tuman va shaharlarida loyiha doirasida mahallalarning Yoshlar yetakchilari va sardorlari boshchiligida mahalla jamoalari o‘rtasida mini futbol musobaqalari yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi. Ayniqsa, Andijon, Asaka va Baliqchi tumanlarida bo‘lib o‘tgan musobaqalar qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. 

Joylarda loyiha doirasidagi “Zakovat” intellektual bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda. 

O‘tkazilayotgan musobaqa va bellashuvlar o‘quvchi yoshlarga qishki ta’tilni maroqli hamda mazmunli o‘tkazishlari uchun keng imkon yaratish bilan birga, ular o‘rtasida ahillik, do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga, jismoniy va intellektual salohiyatlarini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. 

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari