French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvchilar munosib rag‘batlantirildi
17:27 / 2023-05-23

Andijon shahridagi “Ma’rifat uyi” da umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Islohotlar bizga nima beradi?” mavzusida o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda “Iqbol” gazetasi tahririyati hamkorligida o‘tkazildi. Unda so‘z olgan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Karimov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova va boshqalar tomonidan mamlakatimizda o‘quvchi yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi ta’kidlandi.  

O‘quvchi yoshlarning huquqiy-demokratik, fuqarolik jamiyati shakllanishidagi o‘rni, roli haqidagi bilim va tushunchalarini boyitish, yoshlarimizning ana shu jarayonlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, shu bilan birga, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichida tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 30 nafar o‘quvchining ijodiy ishi ko‘rib chiqildi.  

[gallery-12008]

– Taqdim etilgan insholarini ko‘rish jarayonida o‘quvchilarning islohotlar haqida keng bilimga ega ekanliklariga ishonch hosil qildim, – deydi tanlov hakamlar hay’ati a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar, Jurnalistlar uyushmalari a’zosi Vositxon Axmatxonov. – Ishonamanki, ana shunday bilimli, salohiyatli yoshlarimiz kelgusida o‘zlari tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib kamol topadi.  

Insholar tanlovida 1-o‘ringa Paxtaobod tumanidagi 16- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Karimaxon Ergasheva sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Marhamat tumanidagi 14-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mohlaroy Rayimjonovaga, uchinchi o‘rin Xo‘jaobod tumanidagi 40-IDUM o‘quvchisi Guljahon Umarovaga nasib etdi.  

– Ijodiy ishim munosib baholanib, g‘oliblar qatoridan o‘rin olganimdan xursandman, – deydi tanlov g‘oliblaridan biri Mohlaroy Rayimjonova. – Ushbu yutuq menga ishonch, kuch va shijoat beradi, kelgusida yanada faol bo‘lishga, faqat a’lo baholarga o‘qishga undaydi.  

Tanlov g‘oliblari va ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliq va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.  

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA