Qori Nizyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali bilan hamkorlikda “Mutafakkirlar va jadid ma’rifatparvarlarning tarbiya turlariga oid ta’limotlari hamda undan foydalanish mexanizmlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda “Jadidlarning qobiliyatli talabalarni chet ellarga ta’lim-tarbiya uchun yuborishlarining sabablari va ahamiyati”, “Abdurauf Fitratning Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyatining maorif noziri sifatida tarbiya sohasiga qo‘shgan hissasi”, “Turkiston tarbiya pedagogikasi: tarixiy ekskurs”, “Seyfulg‘abid Majidovning ma’rifiy-jadidchilik faoliyati va ta’lim-tarbiyaviy qarashlari”, “Xorazm jadidlarining ta’lim-tarbiyadagi islohotchilik g‘oyalari”, “O‘quvchilarni ma’naviy axloqiy tarbiyalashda umumiy o‘rta ta’lim muassasasidagi madaniy muhit va katta avlod tajribasining o‘rni”, “Samarqandda jadidchilik harakati va Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati”, “Abdulla Avloniy pedagogik qarashlarining zamonaviy talqini”, “Mutafakkirlar, jadidlar hamda milliy qahramonlarning fikr tarbiyasiga oid ta’limotlari” mavzu kabi mavzularda ma’ruza qilindi.

Shuningdek, mutafakkirlar va jadidlarning tarbiya, uning turlari haqidagi ta’limotlari, ularning ta’lim oluvchilar shaxsini rivojlantirishda tarbiya turlari haqidagi qarashlari, o‘quvchilarni rivojlantirishda ma’naviy-axloqiy tarbiyaning tutgan o‘rni, shaxs kamolotini ta’minlashda intellektual va fikr tarbiyasining ahamiyati, ta’lim oluvchilarni gigiyenik hamda ekologik tarbiyalashning rivojlanish tendensiyalari bilan bog‘liq masala va muammolar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi, taklif va tashabbuslar bildirildi.

Konferensiya o‘z ishini kunning ikkinchi qismida sho‘’balarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Konferensiyaning yakunlovchi yig‘ilishida mutafakkirlar va jadidlarning pedagogik merosini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi.
Respublika miqyosidagi anjumanda 150 dan ortiq kuzatuvchilar, jumladan, 90 tasi ma’ruza bilan ishtirok etdi. Konferensiya materiallari to‘plam shaklida chop etildi va ommalashtirildi.

Fayyoza Otabekova,
O‘zDJTU talabasi