Bugungi globallashuv davrida xorijiy tillarni bilish yoshlar uchun nafaqat qo‘shimcha bilim, balki hayotiy zaruratga aylanib bormoqda. Zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan boxabar bo‘lish, xalqaro ta’lim va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishda xorijiy tillarni o‘rganish katta ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, yosh avlod uchun til o‘rganish tafakkurni kengaytirish, mustaqil fikrlashni rivojlantirish va kelajakda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishga mustahkam poydevor yaratadi. Shu bois xorijiy tillarni o‘rganish yoshlar taraqqiyoti va mamlakat kelajagi uchun muhim omil.
Mamlakatimizda ta’lim olayotgan maktab o‘quvchilari uchun xorijiy tillar yo‘nalishidagi bilimlarni mustahkamlash, yanada kengroq imkoniyatlar yaratish maqsadida yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, endi bitiruvchi sinf o‘quvchilari xorijiy tillarni bevosita xorijlik ustozlardan o‘rganish, maktabni til bilish sertifikatiga ega holda bitirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu katta loyiha bo‘lib, unda qariyb 40 ming nafar 11-sinf o‘quvchilarining ishtirok etishi kutilmoqda. Intensiv darslar asosida ular til bilish sertifikati sinovlariga tayyorlanishadi. Muhimi, barcha jarayonlar bepul tarzda tashkil qilinadi.
Ayni vaqtda poytaxtimizda loyiha doirasida test sinovlari o‘tkazilmoqda. Bu testlar natijasida o‘quvchilarning til bilish darajalarini aniqlash hamda shu asosda guruhlarga ajratish maqsad qilingan.
Qayd etilishicha, testlar 90 daqiqa davom etib, ishtirokchilarning bilimlari 3 ta modul asosida baholangan. 3 kundan beri davom etayotgan testlarda yoshlar yaxshi natijalarni qayd etmoqda. Test jarayonlarida ayrim o‘quvchilar maksimal — 100 ballik natijalarga erishgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA