Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvchilar kreativ va tanqidiy fikrlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi darkor
15:00 / 2023-03-24

Andijon shahridagi Prezident maktabida “O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllantirish” mavzusida seminar-trening o‘tkazilmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda vazirlik tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tashkil etilgan seminarda viloyatdagi umumta’lim maktablarining matematika va ingliz tili fani o‘qituvchilari ishtirok etmoqda.  

– Seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘qituvchilarni ta’lim sohasidagi yangiliklar, zamonaviy o‘qitish metodikalari bilan yaqindan tanishtirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirishdan iborat, – deydi Prezident ta’lim muassasalari agentligi Andijon viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Rasuljon Karimov. – Qolaversa, o‘quvchilarda kreativ va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.  

Uch bosqichda o‘tadigan seminarlarning onlayn tarzda o‘tgan 1-bosqichi mashg‘ulotlarida viloyatdan 14 nafar pedagog ishtirok etgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar bo‘lib o‘tadigan 2- va 3-bosqich mashg‘ulotlarida viloyatdagi maktablarning barcha matematika va ingliz tili fanlari o‘qituvchilari jalb etiladi.  

[gallery-11124]

Ishtirokchilarning faolligi, kasbiy bilim va malakalarini boyitishga qaratilgan mashg‘ulotlar malakali mutaxassislar tomonidan qiziqarli, interfaol usullar orqali o‘tkazilmoqda.  

– Seminarda ishtirok etib, darslarni samarali tashkil etish, o‘quvchilarni kreativ, tanqidiy fikrlash va o‘z fikrini erkin bildirishga o‘rgatish bo‘yicha ko‘p narsalarni o‘rgandik, – deydi Bo‘ston tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Lochinbek Qosimov. – Bu albatta, kelgusi faoliyatimizni yanada samarali olib borish, ta’lim sifatini oshirishimizga yordam beradi.  

Tadbir ishtirokchilari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi. Seminar-treningning 2-bosqich mashg‘ulotlarida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 250 nafar matematika va ingliz tili fanlari o‘qituvchisi ishtirok etmoqda.  

F. Ubaydullayev,  

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA