Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvchilar kasb-hunar o‘rganmoqda
12:32 / 2025-10-27

Mamlakatimizda aholining barcha qatlamlarini, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish va ijtimoiy faolligini yanada oshirish maqsadida keng ko‘lamdagi ishlar olib borilmoqda.

Ayniqsa, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun o‘quv maskanlarida turli to‘garaklar tashkil etilib, istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Ayni paytda ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida o‘quvchilar uchun ezgu tashabbus – “Til imkoniyatga aylansin!” ijtimoiy loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida bolalar ingliz tili kurslarida tahsil olmoqda. Mazkur darslar orqali bolalar nafaqat chet tilini o‘rganmoqda, balki dunyo bilan erkin muloqot qilish, kelajak kasbini tanlash sari dadil qadam tashlamoqda. 

– Mazkur maktab internatida dars beraman. Dars berish jarayonida audio kitoblar va boshqa kitoblardan foydalanib, o‘quvchilarga tilni aniq, sodda va tez o‘rganishiga yordam berib kelyapmiz, – deydi ingliz tili fani o‘qituvchisi Hayotjon Ismoilov. – O‘tgan yili may oyida til sertifikati sinovida 6 ta o‘quvchimiz topshirib, 4 nafari maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldi. 2025 yilda esa “Til imkoniyatga aylansin!” degan loyihani boshladik. Til bilish sertifikatini olish, o‘quvchilarga ingliz tilini yaxshiroq o‘rgatish uchun davlatimiz tomonidan 70,5 million so‘m mablag‘ ajratildi. Loyiha doirasida 15 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ulardan o‘quv yili oxirlarida bo‘ladigan imtihonlarda kamida B-2 natijani kutyapmiz. Bundan tashqari, 2-3 nafar o‘quvchimiz til bo‘yicha xalqaro sertifikat olish uchun tayyorlanmoqda

[gallery-25897]

Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yili ilk bor “Nurli maskan” maktab-internatining 4 nafar bitiruvchi yoshlari ingliz tilidan B-1 va B-2 milliy sertifikatini qo‘lga kiritdi. 

Shuningdek, ta’lim dargohida o‘quvchilar uchun 10 ga yaqin kasb va hunarlarni o‘zlashtirishlari uchun to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa bolalarning mustaqil hayotga tayyorlanishiga, o‘z qiziqishlariga ko‘ra kasb egallashlariga xizmat qilmoqda.

– Bu yerda dars berish barobarida o‘quvchilarni kasb-hunarga ham yo‘naltiramiz, – dedi maktab-internati o‘qituvchisi Farida Qo‘chqorova. – Bizga 6 ta tikish mashinkalari berilgan. Qizlarimiz yengil tikishlarni, choyshablarni tikadi. Bundan tashqari, to‘quvchilik to‘garagi bor. Unda qizlarimiz to‘qigan mahsulotlarini sotishni o‘rganadi. Bu qizlarimizni keyingi hayotlarida oilasini moddiy ta’minlashga ham tayyor bo‘lishiga yordam beradi. Bu yerda qizlarimiz faqat to‘quvchilik emas, balki pazandachilik to‘garagiga ham qatnashadi.

Bugungi kunda maktabda adaptiv sport yo‘nalishlarini ham rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bolalar sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bilan birga, sport maydonlarida ham o‘zini sinab ko‘rmoqda. Bu esa bir qator musobaqalarda o‘z natijasini beryapti. O‘quvchilar yurtimizda tashkil etilayotgan musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.

– Hozirda “Nurli maskan” maktab internatining 11-sinfida tahsil olyapman, – deydi Xolmurod Xolboyev. – Men muntazam ravishda golbol sport turi bilan shug‘ullanib kelyapman. Yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida qatnashib, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Bu sport turi chaqqonlik va xavfsizligi bilan boshqa sport turlaridan ajralib turadi. Maktabimizda faqat golbol emas, balki para dzyudo, para yengil atletika sport turlari bo‘yicha ham to‘garaklar mavjud bo‘lib, o‘quvchilarimiz qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Kelgusida biz nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon sport arenalarida faxrli o‘rinlarni egallab, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishni niyat qilib qo‘yganmiz. 

Bugungi kunda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish barkamol avlodni tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda Navoiy viloyatidagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda o‘ndan ortiq yo‘nalishlarda to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Karmana tumanidagi 25-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida esa yuqori sinf o‘quvchilari tol novdalaridan turli buyumlar to‘qish va ratan mahsulotlaridan stol-stullar yasash sirlarini o‘rganmoqda. 

– Bu to‘garak orqali bolalarga o‘zlarining imkoniyatiga mos holda hayotda kerak bo‘ladigan, kam xarajatli, uyda o‘sib turgan novdalardan turli buyumlar yasashni o‘rgatmoqdaman, – deydi to‘garak rahbari Jahongir Ergashev. – Hozir biz to‘garakda savatlar to‘qiyapmiz. Yaqinda stol-stul to‘qishni yo‘lga qo‘ydik. Ular ushbu egallagan hunari orqali uyda bemalol mustaqil ravishda o‘z bizneslarini boshlashi mumkin. O‘rgangandan keyin hech qanday qiyinchiligi yo‘q, oson, bozori chaqqon. Maktabimizda bu to‘garakka asosan yuqori sinf o‘quvchilari qatnashmoqda.

E’tiborlisi, mazkur loyiha “Karmana Alfa gaz invest” MCHJ bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu nafaqat bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantiradi, balki ularni mustaqil hayotga tayyorlaydi. Eng muhimi, bu loyiha o‘quvchilar maktabni bitirgach, daromadli kasb egasi bo‘lishiga va ijtimoiylashuviga ko‘maklashadi.

– Men 8-sinfda o‘qiyman, – deydi Maqsud Rahmatullayev. – Hozirda savat to‘qish to‘garagiga qatnashyapman. Bu ish menga yoqadi. To‘garakda savat to‘qishni, stol-stul to‘qishni o‘rgandim. Kelajakda sportchi bo‘lmoqchiman. Bo‘sh vaqtimda to‘qish ishlari bilan shug‘ullanaman. 

Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda Navoiy viloyatidagi 3 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida 67 ta to‘garak faoliyat yuritib, ularga 631 nafar o‘quvchi jalb etilgan. Bu esa ularning ta’lim olishlari bilan birga turli kasb egalari bo‘lib yetishishlarida muhim o‘rin tutadi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pvj6xL6tE1Y" title="O‘quvchilar kasb-hunar o‘rganmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA