Karmana tumanidagi “Nihol” bazmlar maskanida tuman hokimligi tashabbusi bilan ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi, Yoshlar ishlari agentligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari, Axborot-kutubxona markazi, viloyat bolalar kutubxonasi hamkorligida “Krossvord uz” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Ushbu yangi loyihada tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilaridan iborat jamoalar ishtirok etishdi.
– Ushbu loyiha kreativ yangi loyiha bo‘lib, o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish, mantiqiy fikrlash va hozirjavoblik qobiliyatini shakllantirish, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish asosiy vazifa etib belgilab olingan, – deydi tuman hokimi maslahatchisi, loyiha koordinatori Jamshid Musayev.
Loyiha davomida Top 100 talikka kiritilgan badiiy asarlar orasidan 5 ta kitob tanlab olinib, ulardan savollar tuzilgan holda o‘quvchi yoshlarga krossvord ko‘rinishida taqdim etildi.
– Yangi loyihada ishtirok etib, jamoamiz a’zolari bilan bilimlarimizni sinagan holda g‘oliblikka harakat qildik, – deydi 30-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Rayhona Shermatova. – Savollar juda qiziqarli bo‘lib, yoshlarni fikrlashga, mantiqan o‘ylashga, hozirjavoblikka undashi bilan ahamiyatlidir.
[gallery-24782]
Sog‘lom raqobat ostida kechgan intellektual o‘yinda 1-o‘rinni 5-IDUM jamoasi, 2-o‘rinni 30-umumta’lim maktabi jamoasi, 3-o‘rinni esa 7-umumta’lim maktabi jamoasi egallashdi.
Kelgusida ushbu loyihani viloyat, respublika darajasida ommalashtirish rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari