English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘quvchilar ekologiyaga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi
17:03 / 2026-02-25

Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi o‘quvchilar o‘rtasida tashkil etildi.

Tanlov yoshlarning ekologiyaga oid huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash hamda milliy huquq tizimiga hurmat munosabatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tanlov “Bu bizning hudud”, “Intellektual ring”, “Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz!” va “Eng yaxshi ekologik loyiha” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etildi. O‘quvchilar qonunlar mazmun-mohiyati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar.

Ishtirokchilarning ijodiy yondashuvi va bilimlari hayotiy misollar bilan bog‘lantirilishi tadbirni yanada qiziqarli qildi. Ularning loyihalarida maktab va mahalla darajasidagi ekologik tashabbuslar, atrof-muhitni tozalash va qayta tiklashga qaratilgan faolliklar aks etgan edi.

Yakuniy natijaga ko‘ra, 1-o‘rinni Guliston tumanidagi 33-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari qo‘lga kiritishdi. 2-o‘ringa Yangiyer shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabi, 3-o‘ringa esa Guliston shahridagi 16-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari sazovor bo‘lishdi.

G‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Eng asosiysi, tadbir ishtirokchilari va ularning ustozlari bu tanlovni nafaqat bilimni sinovdan o‘tkazish, balki ekologiya va huquq sohasidagi faoliyatni rag‘batlantiruvchi muhim imkoniyat deya baholashdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri