Belgilangan tartibga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan maktablarda bilimni baholashning yangi tartibi joriy etilishi rejalashtirilgan. Mazkur tartibga asosan, o‘qituvchi o‘quvchilar o‘tilgan mavzularni amaliyotda qo‘llashi, ularning tanqidiy fikrlashi va materialni tahlil qilishini baholaydi. Boshlang‘ich sinflarda informatika, o‘rta sinflarda esa moliyaviy savodxonlik o‘rgatiladi.
Shuningdek, maktablarning 1−4-sinflarida o‘quvchilarda boshlang‘ich bilimlarni, 5−9-sinflarda — tayanch bilimlarni, 10−11-sinflarda — qiziqish va qobiliyatiga mos keladigan bilimlarni rivojlantirishga qaratilgan o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy majmualar bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 34 ta, Andijon viloyatidagi 32 ta, Buxoro viloyatidagi 28 ta, Farg‘ona viloyatidagi 36 ta, Jizzax viloyatidagi 25 ta, Namangan viloyatidagi 28 ta, Navoiy viloyatidagi 20 ta, Qashqadaryo viloyatidagi 33 ta, Samarqand viloyatidagi 68 ta, Sirdaryo viloyatidagi 22 ta, Surxondaryo viloyatidagi 30 ta, Toshkent shahridagi 87 ta, Toshkent viloyatidagi 28 ta, Xorazm viloyatidagi 29 ta umumta’lim maktablarida formativ va summativ baholash tizimi tajriba-sinov tariqasida o‘tkazilmoqda.
Mazkur umumta’lim maktablarida 5-11-sinf o‘quvchilarini 2023-2024-o‘quv yilining I chorak yakuni bo‘yicha choraklik summativ baholash jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Unda o‘quvchilar ona tili, matematika, biologiya, kimyo fanlaridan CHSB sinovlarini topshirdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA.