O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda O‘zMTDPdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Xalq deputatlari Nukus shahar va tuman Kengashlariga saylangan deputatlar, partiya vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbar va mas’ullari, maktab direktorlari, keytering xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.
Majlis kun tartibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bosqichma-bosqich bepul ovqat bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi 45-maqsadining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli umumta’lim maktablarida bajarilishi jarayonini jamoatchilik monitoringi asosida o‘rganish ishlarining yakuni bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.

Joriy o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi jami 726 ta umumta’lim maktabida 144 ming nafardan ortiq boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bepul ovqatlanishi rejalashtirilgan. Bunda bir nafar bola uchun sarflanadigan xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlab berilgan.
Keytering xizmatini ko‘rsatishga talabgor tadbirkorlik sub’ektlari 5 ish kuni ichida Etender.uzex.uz elektron maxsus platformasi orqali tanlovda ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan texnik talablari bo‘yicha “Xarid komissiyasi” tomonidan tanlab olingan.
Shu yilning fevral hamda mart oylarida fraksiya a’zolari hamda soha vakillaridan iborat jamoatchilik guruhi tomonidan Nukus shahri, Kegeyli, Chimboy va Qorao‘zak tumanlari Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarida o‘rganish ishlari olib borildi.

Bugungi kunda 19 ta keytering tashkiloti tomonidan umumta’lim maktablaridagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan taomnoma asosida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab kelinmoqda. Ushbu keytering xizmatini ko‘rsatuvchi sub’ektlar tomonidan tasdiqlangan taomnoma (mavsumiy oziq-ovqat mahsulotlari) asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Sinfxonalarga 7-8 litr atrofida suvni elektr energiyasi orqali isitib beruvchi uskunalar o‘rnatilgan bo‘lsa, ayrim maktablarda keytering xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ekti tomonidan o‘quvchilarga maktab rahbarlari tavsiyasi bilan issiq choy berilmoqda.
Shuningdek, ayrim maktablarda maktab komissiyasi tomonidan yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatiga e’tibor bermasdan qabul qilish holatlari aniqlanib, sifatsiz mahsulotlarni qaytarish choralarini ko‘rish, shuningdek, o‘rganish ishlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Majlisda qayd etilgan kamchiliklardan kelib chiqib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash ishlari yuzasidan deputatlar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi hamda tegishli qaror qabul qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri