“Yangi O‘zbekistonni biz himoya qilamiz” shiori ostida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Amir Temur avlodlari” harbiy-sport musobaqasining Navoiy viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatning 11 ta shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar “Kalashnikov” avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, turnikda tortinish, estafeta - 100 va 300 metrga yugurish, pnevmatik quroldan o‘q otish, arqon tortish kabi shartlarda o‘zaro bellashdi.
Bellashuvlar jarayonida 8 nafar ishtirokchidan iborat bo‘lgan jamoalar har bir vakilining belgilangan shartlarni bajarishlarida g‘oliblikka bo‘lgan intilishlari yaqqol sezilib turdi.
[gallery-8911]
Murosasiz kechgan bahslarda birinchi o‘rin Navoiy shahar jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Uchquduq tumani yoshlari egalladi. Uchinchi o‘ringa esa Navbahor tumani yoshlar jamoasi loyiq, deb topildi.
– Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari biz, yosh avlod uchun ibratdir, – deydi Navoiy shahar jamoasi sardori Akbar Meliyev. – Musobaqaning viloyat bosqichiga jamoamiz a’zolari ustozimiz ko‘magida jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Har bir shart yuzasidan alohida shug‘ullandik. Bu urinishlarimiz zoye ketmadi, deb o‘ylaymiz. Yakunda bizning jamoamiz g‘olib bo‘ldi.
Musobaqaning taqdirlash marosimi avvalida harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan jamoalar rag‘batlantirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA